Qishloq ayollari sharaflandi
Termiz shahridagi “Afro‘z” tantanalar saroyida 15 oktabr –Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Qishloq ayoliga ehtirom” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
15 oktabr –Xalqaro qishloq ayollari kuni
Termiz shahridagi “Afro‘z” tantanalar saroyida 15 oktabr –Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Qishloq ayoliga ehtirom” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanib, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga yuksak e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Bu jarayonda jamiyatimizning gultoji bo‘lgan qishloq ayollarining salomatligini muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Qishloqlarda barcha zamonaviy sharoitga ega yangilangan loyihalar asosidagi namunaviy uy-joylar barpo etilayotir. Olis va chekka hududlarda xotin-qizlar uchun turli ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, ularning bandlik masalasi hal etilmoqda. Xotin-qizlar tibbiyot, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarda mehnat qilayotir. Tadbirkorlik va fermerlik bilan shug‘ullanib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 622 mingdan ortiq oila bo‘lib, 1 million 283 ming xotin-qiz obod va to‘kin turmush kechirayotir. Ularning 590 dan ortig‘i qishloq joylarda yashaydi. So‘nggi besh yilda davlat mukofotlari bilan taqdirlangan 60 dan ziyod xotin-qizning 65 foizi qishloq ayollaridir. 146 nafar xotin-qiz fermer xo‘jaliklarini boshqarib, paxta, g‘alla, meva, sabzavot, pilla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda barchaga ibrat bo‘layotir. Shuningdek, vohada tadbirkor ayollar safi ham yil sayin kengayib bormoqda.
Tadbirda bir guruh qishloq ayollari viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.