Qishi ham lol qoldiradigan Shohimardon
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining ichki turizm salohiyatini namoyon qilish maqsadida viloyat turizm va madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan hududlarga info-tur tashkil etilmoqda. Rejaga ko‘ra, jurnalist va blogerlar ishtirokidagi navbatdagi tur yangi yil boshida O‘zbekistonning eksklavi – Shohimardonga uyushtirildi.
Info-tur qatnashchilarini Qadamjoy tumani rahbarlari iliq kutib oldi.
Dastlab, info-tur ishtirokchilari Shohimardonda XX asr yodgorligi – «Hazrat Ali Shohimardon» qadamjosini ziyorat qildi. Shu yerning o‘zida yana bir ziyoratgoh – Hamza Hakimzoda Niyoziy maqbarasi hamda muzeyga tashrif buyurildi.
Hudud ushbu diqqatga sazovor joylaridan tashqari, o‘zining betakror manzaralari – osmono‘par tog‘lariyu suvlari shaffof soylari bilan ham tanilgan.
Shohimardonda bir vaqtning o‘zida ikki yarim ming mehmonni qabul qila oladigan mehmon uylari hamda xususiy firmalarga qarashli dala hovlilari bor. Muhimi, bu yerda nafaqat yozda, hatto qish mavsumida ham dam olish uchun sharoit yaratilgan.
[gallery-10235]
Havoning sovuqligiga qaramay, Shohimardonda, ayniqsa, Yordon qishlog‘ida mahalliy turistlarning ko‘pligi jurnalist va blogerlarning hayratini oshirdi. Ishtirokchilar qishloqning eng yuqori qismida joylashgan «Shohimardon Travel» turistik firmasining baland tog‘ yonbag‘rida joylashgan dala hovlisida dam oldi. Ularga mezbonlik qilgan firma rahbari Manzura Mo‘minova qalin qor ustiga gilam-ko‘rpacha to‘shab, dasturxon yozdi. Yaqindagina tandirdan uzilgan non, qoqi bilan choy ichilganidan so‘ng, hovlida gulxan yoqildi. Uning atrofida ashula aytilib, raqsga tushildi. Turli hangoma va voqealar, hazil-mutoyibalar tadbirning fayzini oshirdi.
Ertasi kuni mezbonlar hamrohligida Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy shahrida joylashgan Haydarkonga, aniqrog‘i, «Gaviyan es aluu jayi», deb ataladigan, archa bilan qoplangan purviqor tog‘lar orasidagi turistik maskanga yo‘l olindi.
Bu yerdagi turistik majmua tarkibiga kiradigan «A» harfi va o‘tov shaklidagi uychalarda ikki-uch kun qolib, dam olish mumkin. Turistlarga, asosan, qo‘y go‘shtidan tayyorlanadigan mazali taomlar, jumladan, kabob taklif etiladi. Kulchani eslatadigan chanalarda yakka va guruh bo‘lib uchish esa kayfiyatni ko‘taribgina qolmay, charchoqni ketkizadi.
Xullasini aytganda, O‘zbekistonning Shohimardoni va Qirg‘izistonning Haydarkonida nafaqat yozda, balki qishda ham yaxshigina dam olib, uyga yangi kuch-quvvat, xush kayfiyat bilan qaytish mumkin.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA