Qishga tayyorgarlik ishlari nazoratda
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilishi holati muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda muhokama qilingan masalalarning Jizzax viloyatidagi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida xizmat safarida bo‘ldik. 2023-2024 yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha respublikamizdagi kabi Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mahalliy hokimlik va sektor rahbarlari nazoratida muayyan chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Boshqa hududlardagi kabi Jizzax viloyatida ham havo harorati – 13, tog‘li hududlarda – 15, dasht va cho‘l hududlarida esa – 18 va hatto ba’zi joylarda – 20 darajagacha pasayib ketdi. Viloyatdagi, ayniqsa, ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, shifoxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida issiqlik tizimlarini me’yor darajasida ishlashi, yo‘laklarni va katta yo‘llarni qor, muz qoplamalaridan tozalash ishlari Respublikadan biriktirilgan vakillar hamda viloyat, shahar va tuman hokimliklari hamda sektorlar rahbarlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Shuningdek, kuz-qish shtabi tomonidan aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir hamda elektr energiyasi bilan ta’minlash va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha ham kunning qaysi vaqti bo‘lishiga qaramay, ijrosi borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– O‘tgan yilgi sovuq bizga yaxshigina saboq bo‘ldi, – deydi tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev. – Shu sababdan ham bu yil birinchi navbatda tabiiy gaz yetib bormagan joylarga suyultirilgan gaz balonlari va ko‘mir yetkazib berish ishlarini kuz faslidayoq to‘liq yakunlaganmiz. Aholini issiqlik energiyasi, ichimlik suv, gaz va elektr ta’minotida yetishmovchiliklar bo‘lmasligi uchun shtabda uzluksiz ish rejasi tashkil etilgan. Qishda kamchilik va muammolar yuzaga kelishi shubhasiz. Shu sababdan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun tashkil etilgan brigada favqulodda vaziyatlarga shay holatda turibdi. Kecha Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektorda olgan topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olganmiz.
Paxtakor, G‘allaorol hamda Sharof Rashidov tumanlarida ham bo‘ldik. Har uchala tumanda ko‘p qavatli uylar atrofi, idoralar, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda oilaviy poliklinika va shifoxonalarga olib boruvchi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalarda qor tozalash tadbirlari olib borilmoqda. Sharof Rashidov tumanida amalga oshirilayotgan jarayon bilan tanishgach, tuman hokimi bilan telefon orqali bog‘landik.
[gallery-15060]
– Aholi soni bo‘yicha tumanimiz viloyatda birinchi, hududi jihatdan esa ikkinchi o‘rinda. Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektordan so‘ng sektor rahbarlari bilan tog‘li qishloqlardagi, shifoxonalardagi, maktab va bog‘chalardagi ahvolni o‘rgandik, – deydi tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev. – Fuqarolarimizni qiyin ahvolga solib qo‘ygan katta muammolar sezilmadi. Lekin, hokim sifatida o‘zimga yoqmagan kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Shu sababdan hozir ana shu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida mutasaddi rahbarlar bilan shtabni tezkor yig‘ilishni o‘tkazildi va aniq vazifalar yuklatildi.
Forish tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish davlat unitar korxonasi jamoasi qish mavsumiga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rib, barcha texnika vositalarini qish mavsumiga shay holga keltirib qo‘yishgani tahsinga loyiq. Tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish DUK jamoasi umumfoydalanishdagi “Forish – Jizzax”, “Bog‘don – Qoraabdol”, “Forish – Qizilcha” avtomobil yo‘llarini qordan tozalash ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Tuman hokimi Ikrom Matiyev boshchiligida sektor rahbarlari, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari va boshqa sohalardan biriktirilgan ishchi guruhi a’zolari tomonidan hududdagi barcha ijtimoiy soha ob’ektlari isitish tizimining kerakli issiqlik darajasida ishlashini nazorat qilish maqsadida hududda ekanidan xabar topdik.
– Fasllarning o‘z vaqtida kelgani yaxshi, – deydi Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov. – Lekin bu Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlari, farmon va qarorlari ijrosini ta’minlashimizga hech qanday to‘siq bo‘la olmaydi. Hamma ish zo‘r, hammasi joyida desam yolg‘on aytgan bo‘laman. “Zargarlik” mahallasidagi 19-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘ldik. Binodagi issiqlik darajasi me’yordan ancha past bo‘lganligi sabab, muammo maxsus brigada xodimlari tomonidan to‘liq bartaraf etildi. “Qaliya” mahallasidagi 12-umumta’lim maktabida esa gaz bosimi pasayib ketganligi sabab, isitish tizimi deyarli isitmayotgan ekan. Dars soatlari boshlangunga qadar maxsus brigada bu muammoni to‘liq bartaraf etdi.
Jizzaxliklar qishdan betalafot chiqib olishlari uchun rahbarlar, shtab a’zolari va mutasaddilar barcha zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan. Bunga kuzatuvlarimiz chog‘ida yana bir bor amin bo‘ldik. Demak, kelgusida bu boradagi ishlar tizimli amalga oshirilishiga shubha yo‘q.
A.Qayumov, O‘zA.