Qish mavsumi talofatsiz o‘tadi
Bosh prokuror o‘rinbosari J.Hotamov Buxoro viloyatida qish mavsumini betalofat o‘tkazish va iste’molchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda ijtimoiy soha ob’ektlarida qo‘shimcha ko‘mir zaxiralarini yaratish, qozonxona va elektr generatorlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, joylarda transformator punktlariga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish hamda ularni almashtirish, shuningdek, bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat zaxirasini yaratish va uni saqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijroga qaratildi.

Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan Peshku va Romitan tumanlarida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr, tabiiy gaz, ko‘mir va ichimlik suvini yetkazib berish bo‘yicha qish mavsumiga shaylik, shuningdek, bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat zaxirasini yaratish va uni saqlash bo‘yicha bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Buxoro shahrida aholi orasida elektr energiyasini va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy seminar ham o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, barcha tegishli korxona va tashkilotlar vakillari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, mahalla yettiligi vakillari ishtirok etdi.

Seminarda viloyatda elektr energiya va tabiiy gazni iqtisod qilish, energotejamkor uskunalarni keng joriy qilish, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarini qish mavsumiga shay holatga keltirish, mavsum davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish hamda barcha zaruriy choralarni ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Tegishli mutaxassislar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berish tahlillari, quyosh panellarining afzalliklari, imtiyozlar, tadbirkorlik sub’ektlariga bo‘lib to‘lash sharti bilan hamda aholi xonadonlariga kredit mablag‘lari hisobidan quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan G‘ijduvon va Vobkent tumanlarida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr, tabiiy gaz, ko‘mir va ichimlik suvini yetkazib berish yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri