Qish dasturxonida yoz ne’matlari
Qishloq xo‘jaligi sohasida mo‘l-ko‘l oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bilan birga, ularni qish va bahor mavsumi uchun zaxiraga g‘amlash muhim vazifa sanaladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida mo‘l-ko‘l oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bilan birga, ularni qish va bahor mavsumi uchun zaxiraga g‘amlash muhim vazifa sanaladi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 ming 900 tonna sig‘imdagi sovutgichlar yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. To‘rt ming yetti yuz tonna sig‘imga ega sovutgichlar modernizatsiya qilindi. Joriy yilning o‘zida 5 sovutgich kamerasi, 450 tonna sig‘imdagi muzlatgich yangidan qurildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi korxonalari va “Qoraqalpoqgo‘shtsutsavdo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2014-2015-yil qish-bahor mavsumi uchun 29 ming 657 tonna asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxiraga g‘amlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun 151 tayyorlov idorasi tomonidan 4 mingdan ziyod shartnoma tuzilib, ularga tijorat banklarining imtiyozli kreditlari ajratildi.
– Xalqimizni qish kunlarida ham meva, poliz-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash uchun barcha imkoniyatlardan samarali foydalandik, – deydi “Qoraqalpoqgo‘shtsutsavdo” aksiyadorlik jamiyati muhandisi Temur Fozilbekov. – Jamiyatimiz tasarrufidagi har biri 500 tonnalik uchta muzlatgich kamerasi modernizatsiya qilinishi natijasida 1 ming 560 tonna yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlashga erishdik.
Bozorlar birlashmasi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiraga saqlash ishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mavjud imkoniyatlar ishga solinib, bozorlarda qish mavsumi uchun 640 tonna meva, poliz-sabzavot mahsulotlari g‘amlandi.
– Joriy yilda shartnoma asosida 88 fermer xo‘jaligiga urug‘lik kartoshka tarqatgan edik, – deydi Nukus tumanidagi “Oqmang‘it dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati rahbari Kenjeboy Baxiyev. – Bugunga kelib ular yetishtirgan hosildan 25 tonnasini zaxiraga saqlab qo‘ydik. Aholi uchun qish-bahor mavsumiga yetarli miqdorda kartoshka, sabzi, piyoz, karam, oshqovoq g‘amlandi. Bu bilan aholining qish va bahor oylarida ham sarxil meva va poliz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkoniyati yaratildi.