Qirg‘ovullarni otgan fuqaro jazolanadi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirida noqonuniy ov qilib yurgan fuqaro aniqlandi.
O‘tkazilgan nazorat reyd tadbiri davomida hech qanday hujjati bo‘lmasa-da, fuqaro K.A. ov qurolidan foydalanib, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 32-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan, ov qilinishi taqiqlangan 5 dona qirg‘ovulni otgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismi bilan tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi. Noqonuniy ovchi tomonidan hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar esa 3 million 750 ming so‘m deb belgilandi. Rasmiylashtirilgan bayonnoma, tuplangan hujjat esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzaobod tuman sudiga chora ko‘rish uchun yuborildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri