Qirg‘iziston O‘zbekistondan o‘g‘it sotib oladi
Jahon matbuoti sahifalarida
24.kg. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar sotib olish uchun byudjetdan 1 milliard som ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, Botkent viloyati aholisiga 14 ta davlat xizmatlarini bepul va imtiyozli asosda taqdim etish haqida ham qaror qabul qilindi.
Ro‘yxatga ko‘ra, maxsus investitsiya rejimiga ega bo‘lgan hududlar bo‘yicha vakolatli davlat organlarning moliyaviy majburiyatlari belgilanadi. Kafolatlar alohida investitsiya rejimiga ega hududlar, xususan Botkent viloyatini rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalar bo‘yicha taqdim etiladi.
Pokiston tijorat vazirligi vakillari O‘zbekistonda
Adu.uz/newspage. Pokiston Islom Respublikasi tijorat vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Salex Faruxi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Investitsiyalar va savdo vazirligi vakillari bilan uchrashdi. Unda savdo iqtisodiy, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim bandlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tuzilgan Yo‘l xaritasi loyihasini tasdiqlash jarayonini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor xalqaro temir yo‘l liniyasi qurilishi masalalari, Pokiston tadbirkorlari va sanoat vakillarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashriflari ham muhokama qilindi.
I.Abdumalikzoda tayyorladi, O‘zA