Qilmish-qidirmish: fojiaga aylangan mojaro...
Xalqimiz orasida “Er-xotinning urushi - doka roʻmolning qurishi” degan maqolni koʻp eshitamiz.
Xalqimiz orasida “Er-xotinning urushi - doka roʻmolning qurishi” degan maqolni koʻp eshitamiz.
Chunki har bir oilada oʻziga yarasha muammo va kelishmovchiliklar boʻlib turishi tabiiy. Ammo bu oilaning bu galgi mojarosida nimagadir “doka roʻmol qurish” oʻrniga qonga boʻyaldi…
Xolnazar Olimov bilan Nigora Mansurovalar uch farzandni tarbiyalayotgan yigirma besh yillik oila egalari. Xolnazar bir ikki yil avval kasalligini bahona qilib, ishdan boʻshab, bekorchi boʻlib oldi. U ishdan boʻshagunicha, alamidan ichkilikka ruju qoʻygunicha bu oila binoyidek edi. Hammasi joyida, hammasi yaxshi edi.
Bekorchilik barcha illatlarning sababchisi, deb bekorga aytishmaydi. Maqsadsiz kun oʻtkazishga odatlangan, ichkilikbozlikdan boʻshamaydigan Xolnazarning nafaqat turmush tarzi, balki xayoli ham oʻzgardi, aniqrogʻi, tubanlashdi. Uning tanasigina emas, “mafkurasi” ham, miyasi ham kasallandi, “zaharlandi”.
U xotinini huda-behudaga rashk qiladigan, boʻlmagʻur bahonalar bilan tez-tez urush-janjal chiqaradigan boʻldi. Bolalarining yonida ayolini haqorat qilishlari, ur-yeqitlarning oxiri koʻrinmay qoldi. Nigora uni ishsiz yurib zerikkandir, bir kuni insofga kelib qolar deb, zoʻravonlik va xoʻrlashlarga qarshi isyon koʻtarmadi. Haqorat uchun, zoʻravonlik uchun qonunlarimiz boʻlsa ham, oʻz qadr-qimmatini, haq-huquqlarini himoya qilish uchun ulardan foydalanmadi. Bolalarini oʻyladi. Ammo bu oiladan fayz va mehr ketdi. Axir bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun xayru baraka ketadi, deb bekorga aytishmaydi…
Odatdagi kunlarning birida Nigora oʻquv markazidan ishdan chiqib, bolalar bogʻchasidan oʻgʻlini olib, tezgina uyga kirib, kechki ovqatga urnash uchun oshxonaga oʻtdi. Shu vaqt kayfi taroq, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqayotgan xoʻjayin koʻchadan kelib, oshxonaga kirib, ayolini tilga olib boʻlmaydigan soʻzlar bilan haqorat qilishni boshladi: “Sen ... qayerdan kelayapsan, nega telefonimni koʻtarmaysan, kimlar bilan, nimalar qilib yuribsan?..” Xullas, “eshitsa, ilon poʻst tashlaydigan” haqoratlarning, bemaʼni savollarning oxiri koʻrinmay qoldi. Nigora ishdan charchab kelgan boʻlsa ham, ogʻir boʻlib, ichgan odam bilan tortishib oʻtirmay dedi-da, ovqat qilishda davom etdi.
Xotini unga pastroq kelgani sari Xolnazarning koʻzi qonga toʻlib, battar oʻzidan keta boshladi. Haqoratlar, oshxona jihozlarini sindirishlar bilan davom etdi. Turmush oʻrtogʻini sal hovuridan tushar, deb zorlanib, unga insof tilagan ayolning ham oxiri sabru bardoshi tugadi. Qoʻlidagi oshxona pichogʻi bilan zoʻravon turmush oʻrtogʻining yoniga borib: “Bas qilasizmi, yoʻqmi, jonimga tegdingiz…” deb uni hushyor torttirmoqchi boʻldi. Ichkilik sherdek quturtirgan Xolnazar esa “Meni pichoq bilan qoʻrqitmoqchimisan”, deb uning qoʻlidagi pichoqqa yopishib, battar haqorat qila boshladi. Yomonligi oʻziga qaytishini esa oʻylab ham koʻrmadi.
Mojaro fojiaga aylandi... Nigora nima boʻlganini, qanday qilib uning qorniga pichoqni tiqib olganini bilmay qoldi. Oʻz qilmishidan qoʻrqib, dahshatga tushib, “Gulzor” mahallasida bir necha yillardan buyon profilaktika inspektori boʻlib faoliyat yuritib kelayotgan J.Roʻzimurodovning yoniga yugurdi, oʻz uyida turmush oʻrtogʻi bilan janjallashib qolgani, haqorat qilgani uchun oshxona pichogʻi bilan unga tan jarohati yetkazgani toʻgʻrisida aytib berdi. Tezda “Tez yordam”ga va ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismiga xabar qilinib, tergov harakatlari boshlandi, tezkor tibbiy yordam koʻrsatilib, X. Olimovning hayoti saqlab qolindi. Haqoratu tuhmatlar boshiga shunday savdolarni solgan ayol esa jinoyatchi sifatida sudning qora kursisiga oʻtirishga majbur boʻldi.
Sabrning kosasini toʻldirgan, oiladan fayzu barakaning yoʻqolishiga sabab boʻlgan erkak oʻz hayotini oʻz qilmishi bilan xatarga qoʻydi. Ayolini jonidan toʻydirgan, bolalarining yuragini yaproqdek titratgan ichkilik “shinavandasi” oʻz qilmishi oʻz joniga zavol boʻlishi mumkinligini, ayoli temir panjara ortida uzoq yillar qolib ketishi, bolalari esa ota-ona mehridan mosuvo boʻlib, qarovsiz qolishi mumkinligini tanasida oʻylab koʻrgan boʻlsa yaxshiku-ya...
Mazkur jinoyat ishi “Gulzor” mahalla fuqarolar yigʻini binosida jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudining ochiq sayyor sud majlisida koʻrib chiqildi.
Sudda Nigora Mansurova turmush oʻrtogʻi uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitib, haqorat qilgani sababli jahl ustida unga tan jarohati yetkazganligini, hozirgi kunda u bilan yarashib, birga yashab kelayotganligini, voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olishlarini soʻrab qilgan jinoyatidan chin koʻngildan pushaymonligini bildirdi.
Oʻzining oʻylamay qilgan qilmishi tufayli oila boshiga shunday koʻrgiliklarni solgan, oʻz hayotiga xatar “sotib olgan” X. Olimov ham sudda oilaning yolgʻiz boquvchisi hisoblangan ayoliga nisbatan daʼvosi yoʻqligini, u bilan oʻzaro yarashganligini, turmush oʻrtogʻiga nisbatan qonuniy yengillik berishlarini soʻrab koʻrsatma berdi.
Adolatli sud, jazo belgilashda N. Mansurovaning aybiga toʻliq iqrorligini, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon ekanligini, yoshini va shaxsini, oilaviy sharoitini, onaligini, qaramogʻida 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, jinoyatning ochilishiga faol yordam berganligini, jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligi va ular oʻzaro yarashganliklarini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikni cheklash jazosining eng kam qismidan ham kamroq ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi. Jabrlanuvchi erkakning sudlanuvchi ayoliga nisbatan moddiy va maʼnaviy zarar boʻyicha daʼvosi yoʻqligi ham sudda inobatga olindi.
Bu oila boshliqlari – Xolnazar Olimov va Nigora Mansurovalar ham boʻlib oʻtgan mojarolarning fojiali xotimasidan tegishli saboq chiqargan boʻlsalar kerak, deb umid qilamiz...
Sherzod MAMIROV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi raisi,
Marusa HOSILOVA,
“Inson va qonun” muxbiri