Qilichbozlar mamlakat kubogida kuch sinashdi
Poytaxtimizda 2001-yilgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston ochiq kubogida 300 ga yaqin sportchi qatnashdi.
Poytaxtimizda 2001-yilgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston ochiq kubogida 300 ga yaqin sportchi qatnashdi.O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada sportchilarimiz bilan birga Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan qilichbozlar shamshir, rapira va shpaga yo‘nalishida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Musobaqaning shamshir yo‘nalishi yakkalik bahslarida Toshkent viloyatidan Jaloliddin Dushanboyev va qoraqalpog‘istonlik Zaynab Daybekova birinchi o‘rinni egalladi. Jamoaviy bahslarda Toshkent shahrining o‘g‘il bolalar va qizlar jamoalari shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Andijonlik Ahmadilloxon Solixo‘jayev va toshkentlik Saidaxon G‘oziyeva rapira yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, jamoaviy bahslarda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Andijon jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Toshkent shahri vakillari birinchi o‘rinni egalladi.
Qilichbozlikning shpaga bellashuvlari qiziqarli bahslarga boy o‘tdi. Unda qozog‘istonlik Yelnur Tulegenov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida buxorolik Marjona Zubaydullayevaning qo‘li baland keldi.
Shpaganing jamoaviy bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Navoiy viloyati jamoasi, qizlar o‘rtasida esa Buxoro viloyati vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.