Qaysi toifadagi talabalarga kontrakt puli to‘lab beriladi?
Har bir ota-ona farzandi oliy ma’lumotli bo‘lishini istaydi. Ammo uni o‘qitish uchun imkon bo‘lmasa, ayniqsa, bir oiladan 3 nafar farzand shartnoma asosida o‘qiyotgan bo‘lsa-chi?
Xo‘sh, bu borada davlatimiz tomonidan qanday imtiyozlar belgilangan? Ya’ni, qanday toifadagi talabalarga kontrakt puli to‘lab beriladi?
—O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan, “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga to‘lov-kontrakt summasining 50 foizgacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi “Yoshlar daftari” tizimini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Hayitboy Iskandarov. — Ya’ni, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan quyidagi toifadagi yoshlarga to‘lov-kontrakt summasining bir qismi qoplab beriladi.
– “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
– “Mehribonlik” uyi yoki Bolalar shaharchasida tarbiyalangan o‘quvchi-talaba;
–Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan kam ta’minlangan o‘quvchi-talaba;
–Oila boquvchilarining kamida bittasi birinchi guruh yoki har ikkalasi ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
–Nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchi-talaba;
–Oilasi kam ta’minlangan talaba.
— Joriy yilning 8 oyi hamda o‘tgan yilda qancha yoshga to‘lov-kontrakt summasi to‘lab berildi?
—2022 yilda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 49 ming 193, 2023 yil 8 oyida 40 ming 980 nafar yoshlarga to‘lov-kontrakt puli to‘lab berildi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga to‘lanadigan summa “Ayollar daftari”dagi summadan farq qiladi.
— To‘lov-kontrakt pullari oilasida 3 nafar yoshlar o‘qiydigan har qanday oilaga berilmaydi. Buning o‘ziga yarasha tartiblari bor, — deydi Uchtepa tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘ining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mehri Norchayeva. —Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ko‘rsatilgan tartib mavjud. O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ta’lim shaklidan qat’i nazar “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar yohud ularning oliy ta’limda tahsil olayotgan 2 yoki undan ortiq farzandlarining bir nafariga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan miqdorgacha “Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan sektorlar rahbarlari xulosasi asosida yiliga bir marotaba to‘lab beriladi.
— Bu yil yordam olgan talaba keyingi yil ham bu imtiyozdan foydalana oladimi?
— Agar bu yil yordam olgan talabaning onasi keyingi yilda ham “Ayollar daftari”gi kiritilsa, yordam olishi mumkin. Bu daftar har yili yanvar oyida xatlovdan o‘tkazilib, fevral oyida shakllantiriladi.
N.Rahmonova tayyorladi.
O‘zA