Qator soliq imtiyozlari qo‘llaniladi
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Majlisda dastlab, “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qo‘llanilishini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma’lumot berdi:
— Davlat dasturi hamda davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlarida soliq imtiyozlarini berish bo‘yicha ko‘zda tutilgan vazifalardan kelib chiqqqan holda ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, mazkur qonun loyihasi bilan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushiriladi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi. Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi va alohida soliq rejimi joriy etiladi.
Xususan, talabalar tomonidan oliy ta’lim muassasalari hududida pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa xizmatlar tashkil etilgan taqdirda, ularni ushbu faoliyat uchun daromad solig‘idan ozod qilish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, kapital bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari beriladi. Tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatiladi, — dedi vazir o‘rinbosari.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan soliq imtiyozlarining qo‘llanilishi aholini qo‘llab-quvvatlashga, tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishga, ularning faoliyati uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan qonun loyihasining muhimligi alohida ta’kidlanib, uni bir yo‘la birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi hamda Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan bo‘ldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA