Qatl mojarosi: Parij Tehronga qarshi chiqdi
Eronda namoyishchilarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanilishi Fransiyaning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Parij boshchiligida 32 davlat Tehronni qatlni to‘xtatish va hibsdagi fuqarolarni ozod qilishga chaqirdi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Eron hukumatini “qon to‘kish”ni davom ettirishda aybladi.
Xalqaro bayonotda namoyishchilarni qo‘rqitish uchun o‘lim jazosidan foydalanish hech bir sharoitda oqlab bo‘lmaydigan holat ekani ta’kidlangan. Hujjatni Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Germaniya va Italiya qo‘llab-quvvatlagan.
Tabiiyki,Tehron ayblovni qabul qilmadi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Parijni “ochiq-oydin ikkiyuzlamachilik”da ayblab, inson huquqi haqidagi tanqidini inkor etdi. Shuningdek, G‘azodagi Isroil harakati va Eronga qarshi pozitsiyasi sabab Parijning bu masalada ma’naviy ustunlikka da’vosi yo‘qligini bildirdi.
BMT inson huquqi bo‘yicha oliy komissari Folker Turk ma’lumotiga ko‘ra, 19-martdan beri milliy xavfsizlik bilan bog‘liq ayblov asosida kamida 56 kishi qatl etilgan, 100 dan ziyod odam shunday jazo xavfi ostida. “Amnesty International” hisoboti esa 2025-yil davomida 2 150 kishi qatl etilganini qayd etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA