Qatarda Imom Buxoriy majmuasining taqdimot tadbiri o‘tkazildi
Qatar poytaxti Dohada O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Qatarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy doiralar, ommaviy axborot vositalari va biznes hamjamiyatining qariyb yuz nafar vakili ishtirok etdi.
Taqdimot davomida mehmonlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur yirik ma’naviy-ma’rifiy loyihaning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Imom Buxoriy majmuasini butunlay yangi qiyofaga kiritish g‘oyasi davlat rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan. Bu tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish bilan qarshi olingan.
Tadbirning alohida qismi buyuk muhaddis va islom olamining yirik allomasi Imom Buxoriyning boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlandi.
Mutaxassislar uning asrlar davomida musulmon ummati uchun muhim manba bo‘lib kelayotgan ilmiy merosini yuqori baholab, ayniqsa, Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli hadis to‘plami sifatida e’tirof etilgan “Al-Jome’ as-Sahih” asarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Ishtirokchilarga Imom Buxoriy majmuasi haqida maxsus videolavhalar ham namoyish etildi. Qayd etilganidek, qisqa vaqt ichida mazkur ziyoratgohni bir milliondan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan. Bu esa majmuaning nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun muhim ma’naviy va madaniy markazga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Tadbir yakunida Qatarning ilmiy va jamoatchilik vakillari Imom Buxoriy majmuasini bevosita ziyorat qilish, shuningdek, O‘zbekiston bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga katta qiziqish bildirdi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA