Qatar Milliy bayrami oldidan
Qatar davlati hukumatining bosh qarorgohi, suveren organi va mamlakat Amiri oliy hazratlarining ma’muriy idorasi bo‘lmish “Amir Devoni” (diwan) nashri milliy bayram munosabati bilan 17-18 dekabrni dam olish kunlari sifatida e’lon qildi.
Milliy kunni nishonlash uchun qatarliklar avtomobillarni, uylar peshtog‘ini davlat bayrog‘i va boshqa milliy belgilar bilan bezaydi. Zero, Davlat bayrog‘i milliylik, o‘zlik va mag‘rurlik uyg‘unligi, qadriyatga daxldorlik ramzidir.
Qatar davlati birdamlik tamoyilini saqlab qolgan xalqi bilan faxrlanadi. Milliy bayram mamlakatning asosiy qadriyatlari – sadoqat, birdamlik va g‘ururni eslatib turadi. Bu kun o‘tmishdan ilhom olish, bugungi kunni ulug‘lash va yorug‘, istiqbolli kelajakni bashorat qilish – mamlakatning boy merosi va o‘ziga xosligini keyingi avlodlar uchun asrab-avaylash zarurligini yana bir bor tasdiqdash imkonidir.
Har yili 18 dekabrda Qatarning birlashishi va mustaqilligi nishonlanadigan mazkur milliy bayram Amir va merosxo‘rning 2007 yil 21 iyundagi farmoni bilan ta’sis etilgan.

1878 yil 18 dekabr – Qatar davlati tashkil topgan kun hisoblanadi. 1867 yil Bahrayn hukmdori Al-Xalifa boshchiligidagi harbiylar Qatar isyonchilariga qarshi amaliyotni, ya’ni Al-Vaqra shahriga dengiz hujumini boshladi. Bu tajovuzkor harakat 1820 yilda tuzilgan Angliya – Bahrayn shartnomasining buzilishi edi.
Angliyaning vaziyatga diplomatik munosabati 1878 yil 18 dekabrda Qatar davlatining tashkil etilishi bilan yakunlandi. Ayrim qatarliklar bu voqeani “Birinchi mustaqillik urushi”, deb ataydi. Oradan 15 yil o‘tib, 1893 yil mart oyida Doxadan 12 km g‘arbda joylashgan Vajba jangida Shayx Jasim bin Muhammad Ol Soniy turklarni mag‘lub etib, keyinchalik alohida Qatar davlatini yaratish uchun asos bo‘ladigan shartnomani imzoladi. Bu hodisani ko‘pchilik qatarliklar “Ikkinchi mustaqillik urushi”, deb ataydi.
Milliy sana, shuningdek, mamlakatning birlashishini xotirlash an’anasi asoschilari kuni sifatida ham e’tirof etiladi. Ya’ni, 1878 yil shayx Jasim bin Muhammad bin Soniy xalq ko‘magida otasining o‘rniga o‘tirgan.
1878-1913 yillarda hukmronlik qilgan bu shaxs mamlakat shimoli-sharqidagi Fuvayrit shahrida otasi, o‘sha davrdagi eng ko‘zga ko‘ringan rahbar Shayx Muhammad bin Soniy qaramog‘ida o‘sgan. Shayx Jasim chavandozlik, ovchilik mahoratidan tashqari islom ta’limoti – Qur’oni Karim, fiqh ilmini ham chuqur o‘zlashtirgan donishmand, ehtiyotkor, saxovatli, fozil rahbar edi. U zamonaviy Qatarning asoschisi hisoblanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA