Qatag‘on qurbonlari xotirasi — tarix va ibrat
FOTOREPORTAJ
Har yili mamlakatimizda Mustaqillik bayrami arafasida xalqimiz ozod va erkin hayot kechirishi uchun kurashgan, shu yo‘lda jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish ezgu an’anaga aylanib bormoqda.
31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida yurtimizda keng nishonlanadi. Farg‘ona davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi esa xalqimizning mashaqqatli va murakkab tarixini o‘rganish, tarixiy xotirani asrash va yosh avlodga yetkazishda muhim ma’naviy-ma’rifiy maskanlardan biri hisoblanadi.
Muzeyda ilmiy-tadqiqot va ekspozitsiya, targ‘ibot, ma’naviy-ma’rifiy, fond hamda nashr ishlari izchil yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda qatag‘on yillariga oid tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari, kitoblar, suratlar, fotolavhalar va turli eksponatlar jamlangan.
— 2017-yildan buyon viloyatdagi arxiv idoralari, faol va fidoyi hamyurtlarimiz bilan hamkorlikda yurtimiz tarixining turli davrlaridagi qatag‘onlarni aks ettiruvchi noyob va muhim manbalar jamlandi, - deydi muzey direktori Sobirjon Siddiqov. — Muzey ekspozitsiyalarida tarixiy hujjat va ma’lumotlar, kitoblar, suratlar, fotolavhalar hamda turli eksponatlar alohida bo‘limlar asosida joylashtirilgan. Shuningdek, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, bugungi taraqqiyot va zamondoshlarimiz faoliyatiga bag‘ishlangan materiallarga ham keng o‘rin berilgan.
Bugun muzey fondlari nafaqat yurtimiz, balki xorijlik tarixchi olimlar va tadqiqotchilar, o‘z yaqinlari hamda ajdodlari taqdirini o‘rganayotganlar uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida Germaniya, Malayziya, Turkiya, Pokiston, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan ko‘plab mehmonlar muzeyga tashrif buyurdi. Ular bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida tarixiy merosni o‘rganish va ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Muzey xodimlari tomonidan ta’lim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari hayoti va taqdirini o‘rganish, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
[gallery-31146]
Muzeyda qutlug‘ sanalar va muhim voqealar munosabati bilan tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xalqimizning og‘ir va murakkab tarixini chuqur anglash, ajdodlar xotirasini e’zozlash, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, istiqlol ne’matini yanada teran his etishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA