Qashqadaryoning eng yosh kitobxonlari aniqlandi
– Ko‘p kitob o‘qish orqali ham ma’naviy yuksalish, ham moddiy rag‘batlantirish qaysi mamlakatda bor ayting, – deydi QarDUning filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Ismigul Samadova. – O‘quvchilik yillarimdan buyon ushbu tanlovda qatnashib kelaman. Masalan, 2019 yilda Qarshi shahridagi 4-maktab nomidan ishtirok etib respublika bosqichigacha yetib borganman va faxrli o‘rinni qo‘lga kiritganman. Joriy yilda tanlovning 15-19 yosh toifasida viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldim. Nasib etsa tanlovning mamlakat bosqichida ham ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.
Qarshi shahridagi viloyat Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov uch yosh toifasida ya’ni 10-14, 15-19, 20-30 yoshgacha bo‘lgan kitobxonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Yosh kitobxon» tanlovining viloyat 10-14 yosh bo‘yicha Mironshoh Nurmatov, 15-19 yosh bo‘yicha Ismigul Samadova, 20-30 yosh bo‘yicha Nozima Umarova birinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA, Jamshid Norqobilov olgan surat