Qashqadaryoda jazoni ijro etish muassasalarida sharoit va “ikkinchi imkoniyat” o‘rganildi
Inson huquqlarini ta’minlash faqat uning huquq va erkinliklari buzilishining oldini olish bilan cheklanmaydi. Ayniqsa, jazoni o‘tayotgan shaxslarning munosib sharoitda saqlanishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatga qayta moslashishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish ham muhim. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Qashqadaryo viloyatida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda o‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilgan monitoringlarda Ombudsman huzuridagi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash hollarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolari ham ishtirok etdi.
Monitoringning birinchi kuni Muborak tumanidagi 33-son manzil-koloniyasi, Koson tumanidagi 10-son jazoni ijro etish koloniyasi, Koson tumani Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Qarshi shahridagi 5-son tergov hibsxonasidagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoring Qarshi shahridagi 35-son manzil-koloniyasida davom ettirilib, 3 va 2-son jazoni ijro etish koloniyalari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati filialidagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Tashriflar davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash va ovqatlanish sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanishi, mehnatga jalb etilishi, yaqinlari bilan uchrashuvi va telefon orqali muloqot qilish huquqlari, sanitariya-gigiyena holati hamda videokuzatuv vositalarining ishlashi o‘rganildi.
Shuningdek, muassasalarga joylashtirilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, saqlanayotgan shaxslar bilan muassasa xodimlarining ishtirokisiz yakka tartibda va jamoaviy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning murojaatlari eshitilib, huquq va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Biroq inson huquqlarini ta’minlashning yana bir muhim jihati bor. Bu - shaxsga o‘z hayotini qaytadan yo‘lga qo‘yish, jamiyatga moslashish va halol mehnat orqali munosib o‘rin topish imkonini berish.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbus asosida joriy etilgan “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida “Ikkinchi imkon” loyihasini samarali amalga oshirish uchun zarur tashkiliy sharoitlar yaratilgan. O‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalar zamonaviy talablar asosida jihozlanib, sanitariya me’yorlariga javob beradigan xonalar ajratilgan.
Monitoring davomida yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi. Kuzatuvlar ta’lim jarayoniga jalb etilgan yoshlarning mashg‘ulotlarga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Ular yangi kasblarni o‘zlashtirish, xorijiy tillarni o‘rganishga intilib, kelajakdagi hayoti haqida aniq rejalar tuzmoqda.
Bu jarayonning ahamiyati shundaki, jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin insonning oldida yana bir muhim sinov – jamiyatga qayta moslashish jarayoni turadi. Qo‘lida kasbi, bilim va mehnat qilish ko‘nikmasi bor shaxs uchun esa bu yo‘l bir qadar boshqacha kechishi mumkin.
Shu bois “Ikkinchi imkon” loyihasini faqat kasb o‘rgatish dasturi sifatida emas, balki yoshlarning kelajak hayotiga tayyorgarlik ko‘rishiga xizmat qiladigan ijtimoiy reabilitatsiya vositasi sifatida ham baholash mumkin.
Monitoring yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va saqlanayotgan shaxslar uchun munosib sharoitlarni ta’minlash yuzasidan tegishli tashkilotlarga Ombudsmanning ta’sir choralari kiritiladi.
Qayd etish joizki, Qarshi shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi binosini kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish masalasi ham avvalgi monitoring natijalari asosida ko‘tarilgan. Ombudsmanning ilgarigi tavsiyasiga muvofiq, 2026-yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli dastur tasdiqlangan. Unga ko‘ra, mazkur ob’ektni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish uchun 2 milliard 376 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklida jami 23 ta ta’sir chorasi kiritilgan.
Inson huquqlarini ta’minlashning mohiyati ham shunda – mavjud muammoni aniqlash, uni bartaraf etish va insonga o‘z hayotini to‘g‘ri yo‘lga solishi uchun zarur sharoit yaratish. “Ikkinchi imkon” loyihasi esa ana shu yondashuvning yoshlar hayotidagi amaliy ifodalaridan biri bo‘lmoqda.
[gallery-31517]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA