Qashqadaryoda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash masalalari muhokama qilindi
Qashqadaryo viloyatida atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va o‘rmon xo‘jaligi sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida navbatdagi hududiy seminar-trening o‘tkazildi.
Qarshi shahrida tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini hayotga tatbiq etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Seminar-treningda o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, shuningdek, prokuratura hamda mahalliy hokimliklar mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Bu esa ekologik masalalarni hal etishda turli sohalar hamkorligining ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugun dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, suv tanqisligi va tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish kabi muammolar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan qaralganda, o‘rmonlar nafaqat tabiatning ajralmas qismi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlovchi muhim omil sifatida qaralmoqda. Shu bois o‘rmon maydonlarini kengaytirish, mavjud hududlarni muhofaza qilish va tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-29426]
Seminarning asosiy maqsadi o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilgan ekologik tasniflash natijalarini amaliyotga joriy qilish, ROAM metodologiyasi asosida barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni keng targ‘ib etish hamda sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishdan iborat.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish, tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, agroo‘rmonchilikni rivojlantirish, suv resurslarini tejash hamda tuproq eroziyasining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday o‘quv va tajriba almashish tadbirlari orqali sohadagi innovatsion yondashuvlarni hududlarda keng joriy etish, ekologik tasniflash natijalarini amaliyotga tatbiq qilish va o‘rmon xo‘jaliklari tizimida samarali boshqaruv mexanizmlarini shakllantirish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Tadbir davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro tajribalar hamda barqaror o‘rmon boshqaruvining dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruzalar va amaliy muhokamalar ham o‘tkazilmoqda. Bu esa kelgusida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari