Qashqadaryoda 9 oyda 24,6 ming nafar fuqaroga 118 milliard so‘mdan ortiq nafaqa to‘landi
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida joriy etilgan yangi mexanizmlar nafaqalarni tayinlash va to‘lash jarayonini soddalashtirib, fuqarolar uchun yanada qulay va shaffof tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda. 2026-yildan homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali proaktiv tarzda, ya’ni fuqaroning alohida murojaatisiz tayinlanmoqda.
Qashqadaryo viloyatida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida mazkur tizim orqali 24 649 nafar fuqaroga 118 milliard 677 million so‘m nafaqa to‘lab berildi.
Jumladan, 8 615 nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 85 milliard 966 million so‘m, 16 ming 34 nafar fuqaroga esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi sifatida 32 milliard 711 million so‘m ajratildi.
Yangi mexanizmning muhim jihati shundaki, u ish beruvchilarning moliyaviy yukini kamaytirish bilan birga, ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan. Shuningdek, nafaqa to‘lovlarini ish beruvchining moliyaviy imkoniyatiga bog‘liq holatdan chiqarish, jarayonlarni raqamlashtirish va ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.
Zero, ijtimoiy sug‘urta tizimining samaradorligi nafaqat ajratilgan mablag‘lar, balki fuqaro zarur paytda davlat ko‘magini o‘z vaqtida va ortiqcha sarsongarchiliksiz olishi bilan ham belgilanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri