Qashqadaryoda 856 nafar talaba-yoshning qariyb 3,8 milliard so‘mlik kontrakt mablag‘lari to‘lab berilmoqda
Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining oliy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimi Murotjon Azimovning tegishli qaroriga asosan hududdagi 856 nafar talaba-yoshning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qariyb 3 milliard 780 million 600 ming so‘m miqdoridagi kontrakt mablag‘lari ajratildi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur mablag‘lar oilaviy sharoiti tufayli kontrakt to‘lovini amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelayotgan yoshlarning ta’limni davom ettirishiga ko‘mak beradi.
Ajratilgan mablag‘lar orasida xotin-qizlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bilim va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhim o‘rin tutadi.
Qayd etish joizki, bu kabi ko‘mak yoshlarning nafaqat bugungi ta’lim olish imkoniyatini kengaytirmoqda, balki ularning kelgusida mutaxassis sifatida shakllanishi uchun ham muhim zamin yaratmoqda. Zero, oilaviy sharoit tufayli ta’limdan uzilib qolish xavfi bo‘lgan yoshni qo‘llab-quvvatlash uning kelajagi bilan birga jamiyatning intellektual salohiyatiga ham sarmoya kiritish demakdir.
Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga teng imkoniyatlar yaratish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ko‘rsatilayotgan bunday amaliy ko‘mak yosh avlodning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslarning hayotdagi ifodasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri