Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkentda joriy yilning 1-8 avgust kunlari shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha 9-17 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari hamda 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Ispaniya, Vengriya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Sloveniya, Rossiya, BAA, AQSH va boshqa bir nechta davlatidan kelgan 300 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun dona surdi.
Ushbu jahon chempionatida Chiroqchi tumanidagi 1-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi Xondamir Elmirzayev yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlarida 15 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida 3-o‘rin sohibiga aylandi.

***
Qarshi shahri hokimligi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasining Ryazan oblastiga tashrifi chog‘ida Rossiyadagi yetakchi korxonalardan biri “Fabrikant” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qarshida mebel ishlab chiqarish qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Mazkur kelishuvni amalga oshirish maqsadida “Fabrikant” kompaniyasi rahbarlari Qarshi shahriga tashrif buyurib, yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘ldi. Dastlabki bosqichda “Fabrikant” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 million dollar investitsiya kiritilib, yoshlar sanoat zonasidagi bo‘sh turgan binoda mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Korxona ishga tushirilgach, bu yerda mahalliy yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.


***
Kitob tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tuman hokimligi, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.
Unda tumandagi mavjud 97 ta umumta’lim maktabi 124 ta vakant o‘rni bilan ishtirok etdi. Jarayonlarda tuman hokimligi mas’ullari ham qatnashib, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh kadrlar hamda maktab direktorlari bilan muloqot qildi va ularning bugungi tadbir bo‘yicha fikrlari bilan qiziqdi.


Shu kuni OTMni tugatgan 85 nafar yosh ta’lim muassasalariga o‘z sohalari va yo‘nalishlari bo‘yicha ishga qabul qilinib, ular bilan mehnat shartnomalari imzolandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri