Qashqadaryo maktablarida xorijiy pedagoglar faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Qashqadaryo viloyati umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, o‘quvchilarning amaliy til ko‘nikmalarini rivojlantirish va ilg‘or xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi maktablarda 112 nafar xorijiy mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ularning 105 nafari “Til egalari”, 7 nafari esa “Zo‘r klass” loyihalari doirasida ta’lim jarayoniga jalb etilgan.

Ularning 103 nafari ingliz, 2 nafari fransuz va 7 nafari rus tilini o‘qitmoqda. Xorijiy pedagoglar 40 dan ziyod davlatdan jalb etilgan bo‘lib, ular orasida Kanada, Xitoy, Yangi Zelandiya, Filippin, Buyuk Britaniya, Pokiston, Eron, Misr, Fransiya, Hindiston, AQSH va Janubiy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlar vakillari bor.
Mutaxassislar viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib bormoqda.

Masalan, filippinlik 22 yoshli Sharlotte Tikar ayni paytda Qarshi shahridagi 41-maktabda o‘quvchilarga ingliz tilidan dars bermoqda.
– O‘zbekistonda ishlashdan avval Tailandda ikki yil faoliyat yuritganman. Hozir esa 41-maktabda faoliyat olib borayotganimdan juda xursandman. Bu yerda o‘quvchilar bilan yaxshi muloqot qilyapmiz. Dars jarayonida ularning xorijiy tilga bo‘lgan qiziqishini oshirishga harakat qilyapman. Ishonamanki, men ta’lim berayotgan o‘quvchilar xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirib, chet elliklar bilan erkin muloqot qila olishadi, – deydi Sharlotte

Xorijiy pedagoglarning bevosita maktablarda ishlashi o‘quvchilar uchun tilni faqat darslik asosida emas, balki jonli muloqot va amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘rganish imkonini kengaytirmoqda. Darslarda zamonaviy pedagogik metodlardan foydalanish, amaliy mashg‘ulotlar va til to‘garaklarini tashkil etish, ayniqsa, o‘quvchilarning so‘zlashuv va kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbirlari