Qarshida yangi institut filiali ochildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 maydagi qaroriga asosan Qarshi shahri markazida institut filialining 900 o‘rinli zamonaviy binosi qisqa muddatda barpo etildi.
Davlatimiz rahbari 2018 yilning 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida o‘lkamizning janubiy vohalarida xususan Qashqadaryo viloyatida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini ochish taklifini bergan edi.
Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 maydagi qaroriga asosan Qarshi shahri markazida institut filialining 900 o‘rinli zamonaviy binosi qisqa muddatda barpo etildi.
Oliy ta’lim muassasasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda institut rahbariyati, professor o‘qituvchilari, talabalari, ularning ota-onalari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
- Institutimizning Qarshi filialiga 2019-2020 o‘quv yilida 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga jami 254 nafar yosh talabalikka qabul qilindi, – deydi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, professor O‘ktam Umrzaqov. – Eng e’tiborli tomoni shundaki, Qoraqalpog‘iston respublikasi va boshqa viloyatlardan ham filialga talabalikka qabul qilingan abiturientlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Joriy o‘quv yilida qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, suv xo‘jaligi va melioratsiya, gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish, yer kadastri va yerdan foydalanish, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, geodeziya va geoinformatika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni muntazam o‘rganib, bu yo‘nalishlar soni va turlarini yanada kengaytirib va ko‘paytirib boramiz.
Tadbirda viloyat hokimi Z.Ro‘ziev ishtirok etdi.