Qarshida qo‘shma korxona ish boshladi
Qashaqadaryo viloyatida yalpi ichki mahsulotni barqarorlashtirib borish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, talab va taklifning mutanosibligini yo‘lga qo‘yishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik muhim o‘rin tutmoqda.
Ayniqsa, kichik biznesni tashkil qilish va yuritishda xarajatlar kamaytirilishining samaradorligi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish borasida katta imtiyozlar yaratilganligi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati va moliyaviy holatini yaxshilashga ko‘maklashmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda 165,6 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 108,1 million dollar sanoat mahsulotlari, 57,4 million dollar meva-sabzavot mahsulotlari eksporti tashkil etish kutilmoqda.
Viloyatning eksport geografiyasi 7 ta yangi davlat hisobiga kengaytirilib, ushbu mamlakatlar bozorlarini egallash yuzasidan 36 ta eksportyor korxona bilan muayyan ishlar amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bu yo‘nalishda alohida e’tibor, eksportyor korxonalarga tayyor mahsulotlarni eksportini amalga oshirish davomida mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etish, korxonalarga aylanma mablag‘ uchun kreditlarni tegishli tartibda va o‘z vaqtida olishida amaliy yordam ko‘rsatishga qaratiladi.
[gallery-3673]
bugungi kunda viloyat tadbirkorlari tomonidan marmar vannalar, marmar plitalar, suvli bo‘yoq (vodoemulsiya), rangli bruschatka, quruq shpaklyovka, mikrokalsit, kanalizatsiya quvurlari, turli o‘lchamdagi polietilen trubalar, profnastil, penoblok, pishiq g‘isht va boshqa bir qancha yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, chetdan qurilish materiallari keltirilishini, qisqa qilib aytganda ortiqcha vaqt sarflash va xarajatlarni keskin qisqarishiga olib kelmoqda. Agar viloyatda 1991 yilda 17 ta g‘isht zavodi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda yirik va kichik g‘isht zavodlari soni 216 tani tashkil etadi.
Xususan, Qarshi shahrida ish boshlagan “Uz Shoes” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Belarus qo‘shma korxonasi vakillari ham kelajakda viloyatning eksport hajmini oshirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
Umumiy qiymati 6 million dollarni tashkil etgan ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida 520 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shundan 1 million 200 ming dollari Belarus investorlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Korxonada ishchi va xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular yordamida yiliga 500 juft poyabzal ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun korxona sexlariga xorijdan zamonaviy, tejamkor texnologiyalar olib kelib o‘rnatilgan.
Korxona rahbari Dilshod Muftullayevning ta’kidlashicha, loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lib, ayni paytda birinchi bosqichi ishga tushirilgan va 150 ta yangi o‘rni yaratilgan. Teri xomashyosi yurtimizdagi terini qayta ishlash zavodlaridan keltirilmoqda. To‘liq xorijiy tajribaga asoslangan ish faoliyati bosqichma-bosqich takomillashtirilib boriladi.
Mustaqilligimizning 30 yillik tantanalari oldidan keng jamoatchilik ishtirokida ushbu qo‘shma korxonaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA