Qarshida Oʻzbekiston chempionlari aniqlandi
Xabar berganimizdek, Qarshida kurash boʻyicha 1999-2001 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati bahslari oʻtkazildi
Xabar berganimizdek, Qarshida kurash boʻyicha 1999-2001 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati bahslari oʻtkazildi.
Qarshi shahridagi “Geolog” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida oʻtkazilgan mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 600 nafar sportchi gʻoliblik uchun gilamga tushdi. Shundan 200 nafarini qizlar tashkil qildi. Bugun yakunlangan musobaqada oʻsmirlar 8ta, qizlar esa 7ta vazn toifasida gʻoliblik uchun bahs olib bordi.

Qizgʻin va oʻta murosasiz kechgan musobaqalar yakuniga koʻra oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida 55 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida sirdaryolik Hasan Botirovga munosib raqib topilmadi. U hal qiluvchi bahsda Xorazm viloyati vakili Abdulla Saʼdullayevni magʻlub etdi.
Shuningdek, oʻz vazn toifalarida Sanjar Sanoqulov (- 60 kg., Jizzax), Sardor Jangeldiyev (-66 kg., Qashqadaryo), Jalol Boynazarov (-73 kg., Surxondaryo), Jaloliddin Qurbonmurodov (-81 kg., Qashqadaryo), Shahob Hamroyev (-90 kg., Surxondaryo), Shahboz Poʻlatov (-100 kg., Samarqand) hamda Beknazar Toʻraqulov (+100 kg., Samarqand) ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Qizlar oʻrtasidagi musobaqalarda esa Halima Qurbonboyeva (-44 kg., Xorazm), Dilogʻa Dehqonboyeva (-48 kg., Namangan), Zarnigor Rahmiddinova (-52 kg., Fargʻona), Iroda Mamashoyeva (-57 kg., Surxondaryo), Farangiz Hojiyeva (-63 kg., Xorazm), Sadoqat Toʻrayeva (-70 kg., Buxoro) hamda Rinata Ilmatova (+73 kg., Surxondaryo) Oʻzbekiston chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻldi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.



