Qarshi xalqa yo‘lida hosil bo‘lgan chiqindixona
Luqma
Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahri atrofini aylanib o‘tish imkonini beruvchi xalqa yo‘li qo‘shni viloyatlardan qatnovchi og‘ir va yengil transport vositalari uchun muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa yuk avtomobillari shahar oralab yurishga qiynaladi. Shu bois xalqa yo‘ldan qatnaydi. Aslida bu kabi muhim ahamiyatga ega yo‘l bo‘ylari obod va ko‘rkam go‘shalarga, maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalariga, umumiy ovqatlanish ob’ektlariga to‘la bo‘lib, o‘tganda odamni bahri dili ko‘tariladigan qiyofaga ega bo‘lishi kerak. Ammo Qarshi xalqa yo‘li haqida bunday deyish qiyin.
Boisi ushbu xalqa yo‘l qurilishi mana bir necha yildirki noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan. Ikkinchidan, yo‘l atrofida tabni xira qiladigan manzaralar juda ko‘p. Masalan, ushbu xalqa yo‘lning Shayxali qo‘rg‘oniga olib keluvchi qismida qariyb 500 metrlar masofada yo‘l bo‘ylab sun’iy chiqindixonalar hosil bo‘lgan.
U yerda qurilish mahsulotlari qoldiqlari, salafan paketlar, plastmassa idishlar, tibbiy chiqindilar, shisha parchalari, hatto o‘lgan hayvonlar ham tashlab ketilgan. Eng yomoni bugun ushbu chiqindilardan tarqalayotgan qo‘lansa hid va antisanitariya holati nafaqat ushbu yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositalari haydovchilariga balki chiqindixonaga yaqin hududda joylashgan mahalla odamlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
[gallery-9739]
Yo‘l bo‘yida to‘xtab, mudhish manzarani tomosha qilar ekanmiz, ushbu holat bugun yoki kecha paydo bo‘lmaganiga amin bo‘ldik. Bunday jiddiy ahvolga kelishi uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi. Ko‘rinadiki, mas’ullar bu manzaraga ancha yillardan buyon panja ortidan qarab kelmoqda.
Shu o‘rinda bir mulohaza muhokama qilgan manzildan unchalik uzoq bo‘lmagan joydan kichikroq kanalcha ham o‘tgan va doim suv oqib turadi. Agar “yashil makon” loyihasi doirasidagi xayrli ishlarni xalqa yo‘lning shu qismida ham amalga oshirilsa, ham bu yerda ekomuhit yaxshilanadi va ekilgan daraxtlarni nasoslar yordamida doimiy sug‘orish imkoni bor. Lekin negadir mas’ullar suv chiqishi amrimahol bo‘lgan Qo‘ng‘irtog‘ni tanlashadi. Masalan, o‘tgan yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qarshi-Toshkent yo‘li yoqasida joylashgan Qo‘ng‘irtog‘ yon bag‘riga 10 minglab, balki undan ham ko‘pdir ko‘chatlar ekildi, afsuski ularning bir donasi ham tutmadi. Balki bu yil ham ekilar...
Yana bir gap. Xalqa yo‘l bo‘yidagi bunday achinarli holatning yuzaga kelishiga odamlar ham aybdor. Uydagi chiqindilarni mashinaga ortib, hech bir istiholasiz shu manzilga olib kelib tashlashadi, hatto ichkariroqqa olib kirib tashlashga ham hafsala qilmaydi, yo‘l bo‘yiga otib yuboradi. Shu bois ozodalik va obodlikni o‘zimizdan, ko‘nglimizdan boshlashimiz kerak.
Xullas mas’ullardan izoh kutib qolamiz. Mavzuga hali batafsil qaytamiz.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA