Qarshi tumanida mustaqillik shodiyonalari
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi keng nishonlanmoqda.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Qarshi tumani markazidagi “Yoshlar” xiyobonida mamlakatimiz mustaqilligining 31 yillik bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.


Viloyat va respublikadan tashrif buyurgan el ardog‘idagi san’atkorlar, folklor jamoalarining vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari, teatrlashtirilgan tomoshalar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi. Tuman hokimi Behzodjon Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yillik bayrami bilan tuman aholisini samimiy tabrikladi.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan yillar davomida tuman hayotida ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, tumanda 27 ta 1 pod’ezdli 5 qavatli uy-joylar barpo etilib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, joriy yilda Mevazor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy me’morchilik va texnologiyaning so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan 10 ta 1 pod’ezdli 5 qavatli uy-joylarning qurilishi boshlandi.


Joriy yilda ta’lim sifatini yanada yaxshilash uchun 7 ta maktabda 26 milliard, 2 ta qishloq vrachlik punkti va tuman markaziy poliklinikasini ta’mirlash uchun 10 milliard, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 10 milliard so‘mlik rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Bola qamrovini oshirish uchun Paxtazor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 6 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda. Bundan tashqari, Yangi Batosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 660 o‘rinli 15 milliard so‘mlik zamonaviy loyiha asosida yangi maktab binosi qurilayotir.
bugungi kunga qadar hududlarda 27 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlari, 19 kilometr elektr tarmoqlarida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, 38 ta transformator mukammal ta’mirlandi va 620 dona beton ustunlar o‘rnatildi.


“Obod qishloq”, “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida tumandagi Mirmiron va O‘zbekiston Mustaqilligi mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, dastur doirasida mazkur mahallalarda 33 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. 26 kilometr elektr tarmoqlari tortildi. 4 ta transfarmator va 425 dona beton ustun o‘rnatildi. 7 kilometr optik tolali aloqa tizimi tortildi, 2 kilometr piyodalar yo‘laklari ta’mirlandi. Bundan tashqari, Mirmiron mahalla fuqarolar yig‘inidagi 65-maktabga 3 milliard so‘mlik 330 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb qilish borasida Turkiya, Xitoy, Rossiya federatsiyasi, Hindiston davlatlari investorlari tomonidan jami 13 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb qilindi. Bundan tashqari, tumanda hududiy investitsiya dasturi doirasida 86 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 22 ta loyiha amalga oshirilib, 217 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek 64 million dollarlik sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Bu borada barcha sohalarda belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA