QarDUda quyosh panellari o‘rnatildi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mamlakatimizda energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida Qarshi davlat universitetida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasasida hozirgi kunga qadar jami 910 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quyosh panellari o‘rnatildi. Shundan foydalanishga yaroqsiz, sho‘rlanish darajasi yuqori, sobiq chiqindixona joylashgan yer maydonida bunyod etilgan geliopoligonda 510 kVt/soat quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. O‘z navbatida universitetning barcha binolarini quyosh panellari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.

Natijada bir oyda 152 ming 880 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 152 million 880 ming so‘m mablag‘ tejashga erishildi. Shuningdek, hozirda soatiga 254,8 kVt ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasiga sotish bo‘yicha shartnoma imzolash jarayonlari ketmoqda. Natijada bir oyda 61 million 152 ming so‘m (61152 kVt) va bir yilda qariyb 734 million so‘m (733 ming 824 kVt) daromad olish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, oliygoh hududida 89 dona 200 Vatt quvvatga ega quyosh panelli tungi yoritgichlar ham o‘rnatildi.
Yurtimiz serquyosh zamin. Bu esa muqobil, shu jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishda katta tabiiy imkoniyat taqdim etadi. Qarshi davlat universitetida qisqa davr ichida “yashil energetika”ga o‘tish borasida mustahkam poydevor qo‘yilib, salmoqli natijalarga erishildi, deyish mumkin.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.