Qardoshlar diydori
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab rang-barang va qiziqarli madaniy-ma’rifiy loyihalar tobora keng quloch yozgan. Poytaxt ahli qardosh xalqlar teatr jamoalarining sara spektakllari, ijodiy ansambllarning qiziqarli dasturlaridan bahramand bo‘layotgani fikrimizning yorqin tasdig‘idir.
O‘zbek Milliy akademik drama teatriga Toktobolot Abdumomunov nomidagi Qirg‘iz milliy akademik drama teatri ijodkorlari hamda Qirg‘iziston delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mazkur uchrashuvga shuningdek, qardosh mamlakat elchixonasi, milliy madaniy markazlar, yurtimizdagi qirg‘iz diasporasi vakillari, ijodkor ziyolilar, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mas’ullari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Medet Bukuyev keyingi yillarda ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi.
O‘zbekiston jahon e’tirofidagi atoqli ustoz adib Chingiz Aytmatov asarlari dunyo bo‘yicha eng ko‘p o‘qiladigan va chop etiladigan mamlakat sanaladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ulug‘ adib ijodini mukammal o‘rganish, asarlarini qayta chop etish, ularning ma’no-mazmunini targ‘ib etish va umuman, Chingiz og‘a xotirasini e’zozlash, hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasida misli ko‘rilmagan yangi ma’rifiy g‘oyalarni ilgari surgani diqqatga sazovordir. Bu esa Chingiz Aytmatov ijodini tadqiq va targ‘ib etishda, ikki xalq o‘rtasidagi ma’rifiy aloqalarni kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Qardosh xalq teatr ustalarining O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrifi nainki spektakl namoyishi, balki ziyolilarning o‘zaro muloqoti, fikr va tajriba almashishi uchun ham yangi imkoniyatlarni yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tashrif davomida Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Qayrat Imanaliyev asari asosidagi “Oxirgi xat” dramasi namoyish etildi.
Mazkur sahna asarida Chingiz Aytmatovning achchiq va iztirobli bolalik davri, otasi To‘raqul Aytmatovning boshiga tushgan og‘ir kunlar, repressiya etilishi, onasi Nagima ayaning farzandlarini ilmga undaganidek jarayonlar juda ta’sirli tarzda ochib berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, adibning otasi – To‘raqul Aytmatov Qirg‘izistonning yirik davlat va jamoat arbobi bo‘lgan. Uning zahmatli faoliyati 1924-yilda aynan Toshkentda boshlangan ekan. Keyinchalik turli yillarda Qirg‘izistonda mas’ul lavozimlarda ishlagan To‘raqul Aytmatov “millatchilik” va “aksilsho‘roviy faoliyat”da ayblanib hibsga olingan... Boshiga qatag‘onning mash’um zarbasi tushgan oiladagi asosiy tashvishlar o‘sha davrdagi millionlab oilalarda bo‘lgani kabi mushfiq ona zimmasiga tushgandi. Adibning onasi — Nagima Abduvaliyeva taqdir zarbalariga qaramay, farzandlarini bilim olishi yo‘lida astoydil harakat qilgan.

Chingiz Aytmatovning bolaligi va ijodida otasining “xalq dushmani” deb topilishi og‘ir iz qoldirgan. Adib keyinchalik o‘z asarlarida bu mavzuga tez-tez to‘xtalib o‘tgani adabiyot muxlislariga yaxshi ma’lum.
“Oxirgi xat” sahna asarida ham “xalq dushmani”ning farzandi sifatida Chingiz Aytmatovning atrofdagi odamlar, tengqurlari tomonidan kamsitilishi, nohaq munosabatlar bor iztiroblari bilan ochib berilgan. Asar eng og‘ir va fojeaviy sharoitda ham ona mehri va e’tibori, o‘zining mustahkam irodasi sabab murg‘ak Chingiz Aytmatov teran ma’naviyatli shaxs, jahon tanigan adib sifatida kamolga yetgani haqida hikoya qilishi bilan e’tiborga molikdir.
Tadbirda qardosh xalqning mazkur sahna asari tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirgani e’tirof etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri