Qarama-qarshi va turfa qarashlar...
Rossiya - Ukraina
AQSH Kongressi Vakillar palatasi tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Maykl Makkol “CBS” telekanaliga bergan intervyuda qonun chiqaruvchi hokimiyat ayrim siyosatchilarning Kiyevga harbiy va moliyaviy ko‘mak berishni to‘xtatish chaqiriqlariga qaramay Ukrainaga yordam berishni davom ettiradi, deb ishonch bildiradi.
Vengriya Prezident Vladimir Zelenskiy talabiga ko‘ra qurol-yarog‘ yetkazib berishga emas, balki tinchlikni ta’minlashda Ukrainaga sherik-hamkor bo‘lishga tayyor, dedi “Kossuth Rádió” radiosiga bergan suhbatida Vengriya Bosh vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Balaj Orban.
“Budapesht, shuningdek, Ukrainaning YeIga kirishini qo‘llaydi, ammo, avval kamsonli millatlar, xususan, Karpatortidagi vengerlarning huquqlarini ta’minlashda ijobiy natijaga erishmog‘i kerak”, dedi u.
Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto “YeIning Ukrainaga qurol-yarog‘lar, shu jumladan, samolyot va raketalar yetkazib berish chaqiriqlari ushbu mamlakatdagi ziddiyatning cho‘zilishiga olib keladi”, deb bayonot berdi.
Italiyaning sobiq Bosh vaziri, “Olg‘a, Italiya” partiyasi yetakchisi Silvio Berluskoni Prezident Zelenskiyni tanqid qildi va Amerika yetakchisi Bayden Ukrainani tiklash bo‘yicha “Marshall rejasi”ni taklif qilishi kerakligini aytib chiqdi.
“Men hukumat raisi bo‘lganimda Zelenskiy bilan gaplashib o‘tirmas edim, u yerga bormasdim, tobora harobaga aylanayotgan mamlakatni ko‘rishni istamasdim. Bayden esa qayta tiklash uchun Ukrainaga uch trillion dollar berib, otashkesinni to‘xtatishni talab qilishi kerak”, keksa siyosatchidan iqtibos keltirdi “ANSA” agentligi.
Yakshanba kuni Fransiyaning Ukraina mojarosida qatnashishiga va Parijning NATO siyosatini qo‘llamaslikka qarshi respublika bo‘ylab norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Fransiyaning “Vatanparvar” partiyasi yetakchisi Florian Filippo.
“Eng katta “Tinchlik uchun marsh” Parijdagi namoyishda 10 ming kishi qatnashdi. Hammasi bo‘lib mamlakatning 25 ta viloyatida shunday norozilik yurishlari bo‘lib o‘tdi”, dedi Filippo.
Belorussiya Ukraina ziddiyatini hal etishdagi urinishlarini davom ettiradi, deb bayonot berdi Tashqi ishlar vaziri Anatoliy Glaz “STV” telekanaliga suhbati davomida “Biz Ukrainada tinchlik-barqarorlik bo‘lishini samimiy istaymiz, bu qarashlarimiz o‘zgarmagan. Minsk tinchlik muzokaralari o‘tkazish uchun juda qulay joy”, deb ta’kidladi vazir.
Bundestag (parlamenti) raisining o‘rinbosari Katrin Gyoring-Ekkardt Germaniyaning Ukrainada “Tinchlik uchun manifest” tashabbusini va Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishini tanqid qilib chiqdi.
Zelenskiy Ukraina xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya bilan bog‘liq 200 shaxsga, shu jumladan, Rossiya prezidentining yordamchilari Yuriy Ushakov va Larisa Bricheva va boshqalarga nisbatan chiqargan qarorini tasdiqlab, uni amalga oshirish bo‘yicha farmonni e’lon qildi.
Farmon e’lon kundan e’tiboran kuchga kiradi, deyiladi davlat rahbari saytida. Jismoniy shaxslar, rossiyalik siyosatchilar, davlat idoralari rahbarlari uchun sanksiyaning amal qilish muddati 50 yil.
O‘zA