Qamchiq dovoniga qalin qor yog‘ishi kutilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi joriy yilning 12-15 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududidan nam havo, so‘ngra Ural hududidan sovuq havo massalari kirib kelishi mumkinligini ma’lum qildi.
Oqibatda 12-14 dekabr kunlari respublikamiz hududlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi. Hatto tog‘larda qalin qor yog‘ishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, tog‘li hududlarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkinligidan ogohlantirilmoqda.
«Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va boshqa ixtisoslashtirilgan xizmatlar bilan hamkorlikda bo‘lishi kutilayotgan noqulay ob-havo oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rgan.
Ko‘rsatilgan kunlarda dovon yo‘liga otlanishni rejalashtirgan haydovchilardan barcha xavfsizlik choralarini ko‘rib safarga chiqishlarini tavsiya qilamiz.
A.Musayev, O‘zA