Qaldirg‘och qanotida kelgan she’riyat
Poytaxtimizda har yili «Vinogradov o‘qishlari» xalqaro anjumanining o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. Unda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, lingvodidaktika, tarjimashunoslik kabi yo‘nalishlardagi yangi ilmiy izlanishlar taqdim etiladi.
Atoqli tilshunos olim V.Vinogradov nomi bilan bog‘liq mazkur anjumanda tilning rivojlanishi, globallashuv davridagi o‘zgarishlar, internet tili, tarjima san’ati kabi dolzarb mavzular tahlil qilinadi. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va muhokama qilish anjumanning muhim jihatlaridan biridir.
Toshkentda XXII «Vinogradov o‘qishlari» bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan an’anaviy ilmiy-adabiy anjuman til, adabiyot, tarjima va madaniyatlararo muloqotning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.

Anjumanning eng mazmunli va samimiy lahzalaridan biri O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning rus tilida nashr etilgan «Otday lastochkam svoi verandы» («Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni») kitobining taqdimoti bo‘ldi.
Taqdimotda ilm ahli, adabiyotshunoslar, professor-o‘qituvchilar, ijodkorlar va kitobxonlar jam bo‘ldi. Suhbatlar markazida esa bir muhim masala –she’riyatning inson qalbiga yetib borish qudrati turdi.

Adabiy anjumanda O‘zbekiston davlat pedagogika universiteti rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Andrey Pavlyuk, taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon va boshqalar Sirojiddin Sayyidning rus tilida chop etilgan mazkur she’riy kitobi haqida fikrlarini bildirdi.

Kitobdan shoirning turli yillarda yaratilgan sara she’rlari va esselari o‘rin olgan. Ularning rus tiliga tarjima qilinishi Sirojiddin Sayyid ijodini kengroq kitobxonlar doirasiga olib chiqish, o‘zbek she’riyatining nafasini boshqa tilda ham his etish imkonini bergan.
Taqdimotda adabiyotning xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik vazifasi, she’r tarjimasida nafaqat so‘z, balki shoirning ichki ohangi, badiiy obrazlari va milliy ruhini saqlash muhimligi ta’kidlandi.
– Bu kitob, hech qanday mubolag‘asiz, o‘ziga xos va noyob asarlardan biridir, - dedi O‘zbekiston davlat pedagogika universiteti rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Andrey Pavlyuk. – U rus tilida ijod qiluvchi kitobxonni O‘zbekiston xalq shoiri, «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro akademiyaning faxriy akademigi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, taniqli o‘zbek shoiri Sirojiddin Sayyid ijodi bilan yaqindan tanishtiradi.
Sirojiddin Sayyid bir qator she’riy to‘plamlar va esselar muallifi. Uning «Ruhim xaritasi» (1985), «Yashasin yomg‘irlar» (2007), «Bug‘doybo‘y Vatan» (2011), «Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi» (2014), «Zamon qasri» (2023) kabi asarlari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish.

Kitobning yana bir muhim jihati shundaki, Sirojiddin Sayyidning o‘zi ham o‘zbek adabiyoti va tarjimachiligi rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkor. U Aleksandr Pushkin asarlarini, Andrey Voznesenskiyning she’r va nasrlarini, bolgar shoiri Lyubomir Levchev she’rlarini, rassom Pablo Pikassoning she’riy ijod namunalarini, Abu Homid G‘azzoliyning «Ibodat lazzati» hikmatlarini, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy va Rudakiy g‘azallarini, shuningdek, Aleksandr Faynberg she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Taqdimotda ijodkor Rustam Musurmon ham o‘z mulohazalari bilan ishtirok etdi. U Sirojiddin Sayyid she’riyatidagi samimiyat, milliy ruh va inson qalbiga yaqin tuyg‘ular haqida so‘z yuritdi. Shoir ijodidagi Vatan, inson, xotira, tabiat va mehr-oqibat mavzulari xususida fikrlar almashildi.

«Otday lastochkam svoi verandы» sarlavhasining o‘zi ham ramziy ma’noga ega. Qaldirg‘och va ayvon timsollari insonning o‘z uyi, o‘z yurti, xotiralari va mehr qo‘nishi mumkin bo‘lgan maskan haqidagi tasavvurlarini uyg‘otadi.
She’rni tarjima qilish – bir tildagi so‘zni ikkinchi tilga o‘girishgina emas. Bu shoir qalbida tug‘ilgan tuyg‘uni boshqa tilda ham tirik saqlab qolish san’atidir. Sirojiddin Sayyid she’rlarining rus tilida yangrashi ana shu murakkab va sharafli mehnatning samarasi.

XXII «Vinogradov o‘qishlari» doirasidagi mazkur taqdimot ilm bilan adabiyot, tarjima bilan ijod uyg‘unlashgan samimiy adabiy uchrashuvga aylandi. Unda o‘zbek she’riyatining rus tilidagi yangi jaranglari, tarjimaning badiiy imkoniyatlari va adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni haqida so‘z bordi. Zero, haqiqiy she’r til tanlamaydi. Uning eng buyuk tarjimoni inson qalbidir.
Sirojiddin Sayyidning «Otday lastochkam svoi verandы» kitobi ham o‘zbek she’riyatining ana shu qalb tilini rus tilida so‘zlashtirib, ikki adabiy dunyo o‘rtasida yana bir ezgu ko‘prik barpo etdi.

Mazkur kitobda bir necha ijodiy iste’dod uyg‘unlashgan: she’rlar muallifining iste’dodi, to‘plam tuzuvchisining mahorati va tarjimonlarning yuksak san’ati. Shu bois u nafaqat Sirojiddin Sayyid she’riyatini rus tilidagi kitobxonga yetkazuvchi tarjima to‘plam, balki ikki til va ikki adabiy muhit o‘rtasidagi o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik sifatida ham ahamiyatli. Kitob muharriri, tuzuvchisi, aksariyat she’rlar tarjimoni - atoqli tarjimon va ijodkor Nikolay Ilin.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri