Qahramon aya hasharga bosh-qosh bo‘ldi
Uy-joylar, ko‘cha-hovlilarni ozoda, saranjom holatda saqlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi. "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida tashkil etilgan umumxalq xayriya hashari Namangan viloyatining shahar va tumanlarida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
To‘raqo‘rg‘on tumani Chustko‘prik mahallasi aholisi hasharga uyushqoqlik bilan qatnashdi. O‘zbekiston Qaxramoni, “Xadicha aya” fermer xo‘jaligi rahbari, qishloq xo‘jaligi faxriysi Xalchaxon Mirzayeva hasharga bosh-qosh bo‘lib, mahalladoshlarini faollikka chorladi. Hashar davomida uyushmagan yoshlar, uy bekalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Unda ota-bobolarimizdan qolgan, asrlardan asrlargacha qadr topib kelayotgan milliy udumimizni e’zozlash, hasharda yeng shimarib mehnat qilish haqida so‘z bordi.

Yo‘l bo‘ylariga 500 tupdan oshiq gul ko‘chatlari, 1 ming 200 tup terak qalamchalari va ko‘chatlari ekildi. Ariq zovurlar, lotoklar tozalanib, 100 tupdan ortiq daraxtlarga shakl berildi. Hashar davomida ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, keksalari bor 20 dan ziyod xonadonlar holidan xabar olinib, ularning hovlilarida tozalash ishlari bajarildi. Ularga Ramazon Hayiti arafasida oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordam pullari berildi.

– Hashar – xalqimizga xos ulug‘ qadriyat, – deydi Namangan viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon A’loxo‘jayev. – Bugun o‘tkazilayotgan hashar ham bayramoldi tayyorgarlikning bir bosqichidir. Hashar tufayli viloyatdagi 1 ming 200 gektar yer-maydonlari, bog‘u xiyobonlar obodonlashtirildi. 530 kilometrga yaqin ariqlar tozalanib, 673 ta qabriston va 31 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda joriy yil 22 maydan 5 iyun kuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan “61-Xalqaro gullar festivali” ga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda 130 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, 800 ming tupdan ziyod gul ko‘chatlari ekildi. Hasharga 656 ta texnika vositasi jalb etildi.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratildi. Ayni shu maqsadda yuzga yaqin oilalarning 28 ming kv.metrga yaqin uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi, buning uchun 251,7 million so‘m sarflandi, shuning 164,2 million so‘mi viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan ajratildi.
Shuningdek, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida nogironlar, yolg‘iz keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, yordamga muhtoj mingdan ortiq fuqarolarga qariyb 300 million so‘mlik moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA