Qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ayyom
Navro‘z – bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Shu yurtda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun birdek sevimli. Unda har bir xalqning asrlar mobaynida shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari mavjud.
Xususan, xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha- tasavvuri, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan Navro‘z qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab, keng tarzda nishonlab kelayotgan bayramdir. Fors tilida “yangi kun” ma’nosini anglatadigan Navro‘z bayrami 21-mart kuni nishonlanadi va yangi yilning boshlanishi hisoblanadi. Ushbu kun kecha bilan kunduzning tenglashgan payti.

Navro‘zning tarixiy ildizlari borasida juda ko‘plab manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, “Avesto”da, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Ab-u Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”, “Xazoyin ul-maoniy” va ko‘plab olimlarning asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud. Navro‘z haqida Ab-u Rayhon Beruniyning “Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida keltirilgan ma’lumotlar qimmatli ahamiyatga ega.
Jumladan, mazkur asarda shunday yoziladi: “...U butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, hayvonlarda nasl vujudga kelguncha davom etadigan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.
Bu fikrlar Navro‘zning qadimdan tabiat va bahor bayrami bo‘lganini yana bir karra isbotlaydi. Umuman olganda, Beruniy keltirgan ma’lumotlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda, deb ta’riflaydi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi...”.

Umuman olganda, uyg‘onish va yangi fasldan darak beruvchi Navro‘z bayrami va u bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimiz ardog‘ida ekanligining o‘zi eng ishonchli manbadir. Ta’kidlash kerakki, sobiq sovet tuzumi davrida xalqimizning azaliy bayrami bo‘lmish Navro‘zga ham diniy tus berildi va hatto 1986-yilda mazkur bayramni nishonlash taqiqlandi. 1990-yil 21-mart –Navro‘z milliy bayrami, dam olish kuni deb belgilandi va hozirgi kungacha keng tarzda nishonlanib kelinmoqda.
Navro‘z bayrami 2009-yil 30-sentyabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, 2010-yilning 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida esa 21-mart “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilindi. Qabul qilingan rezolyutsiyada Navro‘z bayrami turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, o‘zaro birdamlik, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.
Navro‘z bayramining atrof-muhit bilan uyg‘un holda yashashga intilishni mujassam etgan g‘oyalari qadriyatlarimizga sodiqligini yorqin ifoda etadi. Bu bayramga davlat darajasida e’tibor qaratilishi uning ijtimoiy ahamiyati haqiqatdan ham yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Abdujabbor Nurmatov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti dotsenti.
O‘zA