Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!
Navoiy shahridagi markaziy istirohat bog‘i o‘zgacha tarovat kasb etgan. Bu yerga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz Navro‘zi olamni hamjihatlikda nishonladi.
Ha, ozod va obod yurtimizga mavsumlar kelinchagi bahor keldi. Zamin uyg‘onmoqda. Bahor kelishi bilan ona tabiatda neki tirik jon bor ekan, harakatga tushib qoladi. Ayniqsa, bobo dehqonlarimiz, mirishkor bog‘bonlarimizning yumushlari yanada ko‘payadi. Ular yerga baraka urug‘ini sochadi, mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazadi.
Haqiqatan ham biz hayotimizni bahorsiz, Navro‘zsiz tasavvur qilolmaymiz. Nafaqat tabiat, balki o‘zimiz ham yangilanamiz bu faslda. Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z – yangilanish, yasharish, bunyodkorlik va yaratish kabi buyuk maqsadlarning, qadriyatlarning boshlanishi hisoblanadi.
Mir Alisher Navoiy hazratlari ham o‘z asarlarida:
“Har tuning qadr o‘lubon,
Har kuning o‘lsun “Navro‘z”,
deb bu kunni alohida yod etgan.
Ha, go‘zal va betakror mamlakatimizda Navro‘z shukuhi kezmoqda. Istirohat bog‘ida har bir korxona va tashkilot jamoasi o‘zlariga ajratilgan hududni bayramona bezatib, doshqozonlarda osh damlashdi. Milliy taomlar va kiyimlar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, o‘yinlar namoyish etildi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi faollar va tashkilotlar rahbarlari har bir ko‘rgazmani ko‘zdan kechirib, yig‘ilganlarni Navro‘zi olam bilan qutladi.
Albatta, Navro‘z saylini sport musobaqalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, shu kuni yosh yigit-qizlarimiz tashkillashtirilgan milliy o‘yinlarimizda o‘zaro bellashadi. Kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bellashuvlar eng ko‘p tomoshabin to‘plagan o‘yinlar bo‘ldi, desak adashmaymiz.
Barcha tanlov va sport musobaqalarida faol qatnashgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Bayram saylida badiiy va folklor-etnografik jamoalar, san’atkorlar tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan tomoshalar, ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorlab, xush kayfiyat ulashdi.
“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassamlashtirgan umumxalq sayillari viloyatning barcha hududlarida – mahalla va ovullarda, ko‘cha va guzarlarda keng nishonlanmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari