Qadring baland bo‘laversin, ona tilim!
“Navoiyuran” davlat korxonasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda mazkur korxonada ham mas’ul rahbarlar va ishchi-xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda O‘zbek tili bayrami kunini keng nishonlash maqsadida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, taniqli olimlar bilan davra suhbatlari, seminarlar tashkil qilinishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan.

– Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘zbek tilida ish yuritish sohasida bir qator vazifalari qo‘yilgan, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Navro‘z Rahmonov. – Bugun “Navoiyuran” davlat korxonasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham o‘zbek tili nufuzini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdik. Korxonada turli millat vakillari faoliyat yuritishiga qaramasdan, ona tilimizga bo‘lgan munosabat juda quvonarli. Targ‘ibot materiallari va o‘zaro hujjat aylanish tizimi ham qonunchilikka muvofiq joriy etilgan. Bu o‘zbek tilimizning mavqeini amaliy jihatdan yanada mustahkamlashga bir misol. Shuningdek, biz olim sifatida ma’lum bir ilmiy-tadqiqot ishlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalari bilan bog‘lagan holda olib borishni o‘zimizga reja qilib oldik. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuvimiz doimiy hamkorlikka aylanadi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”. So‘nggi yillarda o‘zbek tilining nufuzini xalqaro maydonlarda yanada oshirish, xalqimiz orasida sof o‘zbek tili qoidalarini keng joriy etish bo‘yicha aniq-chora-tadbirlar belgilanib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda, tilimizning yangidan-yangi qirralari kashf etilayapti.

Xususan, “Navoiyuran” davlat korxonasida ham sana munosabati bilan ishchi-xodimlar orasida ommaviy diktant yozish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ona tilimizni ulug‘lovchi targ‘ibot materiallari tayyorlanib, yosh mutaxassislar hamda ishchi-xodimlar o‘rtasida "Til bilimdonlari" intellektual o‘yinlari tashkil etilmoqda.

– Bugungi tadbirda ona tilimiz haqida o‘zimizga kerakli qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ldik, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik, – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi boshqarmasi hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig‘i Nargiza Kenjayeva. – Korxonamizda barcha ichki elektron hujjat aylanish tizimi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tiliga o‘tkazilgan. Yozishmalar ham to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar jalb etilib, turli seminar-treninglar o‘tkazilmoqda va ishchi-xodimlarning davlat tilida ish yuritishi bo‘yicha bilim va malakalari oshirilmoqda.

Korxonaning tarkibiy bo‘linmalarida ham turli ijodiy kechalar, mushoiralar, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy hamda buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag‘ishlab tadbirlar tashkil etilayotgani ham yoshlarga davlat tilining boyligi va nafis jozibasini to‘laqonli yetkazish, davlat tilini yanada rivojlantirish hamda unga bo‘lgan munosabatni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri