Qadrdon maktabimga 100 ta kitob: “Asia Trans Gas”ning qishloq hududlaridagi maktab kutubxonalarini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi
Maktabni bitirganimizdan keyin har birimiz qadrdon maktabimizga qanchalik tez-tez qaytamiz? Har yili yoki besh yilda bir marotabami? Balki yigirma yilda bir martadir? Qaytganimizda o‘zimiz bilan nima olib boramiz – xotiralar yoki oddiygina “rahmat” so‘zinimi?
“Asia Trans Gas” MChJ QKning bir necha xodimlari uchun bu savol ritorik emas. Maktabni bitirganlaridan 15–20 yil o‘tgach, ular yana tanish yo‘laklardan o‘tib, bir paytlar ularga baho qo‘ygan o‘qituvchilarni uchrashdilar va sakkizinchi hamda to‘qqizinchi sinf o‘quvchilari bilan yonma-yon partaga o‘tirdilar. Faqat bu safar ular o‘quvchi sifatida kelishmadi. Ular “Asia Trans Gas” MChJ QK nomidan o‘z qadrdon maktablariga 100 ta yangi kitob topshirish uchun qaytdilar.
Kompaniya tomonidan “Qadrdon maktabimga 100 ta kitob” tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Joriy yilda qo‘shma korxonaning Kogon tumani (Buxoro viloyati), Xatirchi tumani (Navoiy viloyati) va Mirishkor tumani (Qashqadaryo viloyati)dagi ishlab chiqarish obyektlari yaqinida joylashgan uchta maktab loyiha ishtirokchisiga aylandi. Har bir maktabga o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi 100 tadan kitob to‘plami topshirildi.
Ammo bu hisobot uchun topshirilgan yuzta bir xil kitob emas edi. Maktab kutubxonalariga turli yosh guruhlari uchun mo‘ljallangan badiiy va bolalar adabiyoti, lug‘at, ensiklopediya hamda ma’rifiy nashrlar topshirildi. G‘oya oddiy: kitob javonda shunchaki joy egallab turmasligi, balki o‘z o‘quvchisini topishi kerak.
Tashabbusning ilk manzili Sohibjon Rahmonovning qadrdon maktabi – Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bugun “Asia Trans Gas” MChJ QK xodimi, bir paytlar esa shu maktab o‘quvchisi bo‘lgan Sohibjon 26 yildan so‘ng yana maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. Bu safar u hamkasblari G‘aniyev Rustam va Yusupov Rasim bilan birga keldi.

“Haqiqatan ham, 26 yildan so‘ng maktabga qaytish va bizni katta hayotga tayyorlagan ustozlar bilan uchrashish ajoyib tuyg‘u ekan. Men shunday kompaniyada ishlayotganimdan va korxonamiz faoliyati orqali yoshlarga foyda keltira olayotganimdan faxrlanaman! O‘z nomimdan, shuningdek, Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari nomidan “Asia Trans Gas” MChJ QKning butun jamoasiga ushbu olijanob tashabbus uchun katta minnatdorlik bildiraman!” – deydi tashabbus doirasida o‘z maktabiga borgan ATG xodimi Sohibjon Rahmonov o’z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan.
Kitoblarni topshirish tashrifning faqat bir qismi edi. Xodimlar 9-sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, ularga maktabni tugatgandan keyingi o‘z yo‘llari – kasb tanlash, dastlabki qiyinchiliklar, mas’uliyat, ta’lim va ba’zan maktab davrida oddiy tuyulgan bilimlar yillar o‘tib nega butunlay boshqa qadr kasb etishi haqida so‘zlab berdilar.

Iliq uchrashuv va kelajak haqidagi samimiy suhbat o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. 9-sinf o‘quvchisi Hamroqulova Durdona o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Biz uchun bu shunchaki kitoblar emas, balki yangi narsalarni o‘rganish, rivojlanish, orzu qilish va butun bir dunyoni kashf etish imkoniyatidir. Ayniqsa, maktabimiz bitiruvchisi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bugun kompaniyada ishlab, o‘z yurtdoshlari va keyingi avlod o‘quvchilariga yordam berishga qaror qilgani quvonarli. Maktabimizga qaratilgan e’tibor, ta’limimizga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va yangi bilimlarga ega bo‘lish imkoniyati uchun sizga minnatdorlik bildiraman”.
“Maktabga 100 ta kitob” tashabbusi Navoiy viloyatida – Xatirchi tumanidagi 58-sonli maktabda davom etdi. Kitoblarni topshirish jarayoni avlodlar uchrashuvi va kelajak haqida ochiq suhbat uchun iimkoniyat yaratdi. Mazkur maktabga uning sobiq bitiruvchisi Hakim Bobobekov hamkasblari Dilshod Jo‘rayev va Ilhom Sagatov bilan birga tashrif buyurdi.
O‘quvchilar bilan muloqot tez orada rasmiy qism doirasidan chiqib ketdi. Yoshlar kasblar, yirik xalqaro korxonada ishlash va aynan qaysi bilimlar sobiq bitiruvchilarga katta hayotda ayniqsa asqotgani haqida savollar bera boshladilar. Xodimlar esa o‘z ustozlari – ko‘p yillar oldin ularga ilk qadamlarini qo‘yishda yordam bergan insonlar bilan yana uchrashdilar.

“Ehtimol, maktab yillarida o‘quvchilar ustozlarining har bir bolaga qanchalik katta mehnat va mehr bag‘ishlashini to‘liq anglamasalar kerak. Bu tushuncha keyinroq keladi. Yigirma yildan keyin qaytib, o‘z ustozingni yana ko‘rish juda kuchli tuyg‘u. Shu ma'noda bugun o‘quvchilar o‘z vaqtlarini qadrlab, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishsa maqsadga myvofiq bo‘lardi. Maktab nomidan “Asia Trans Gas”ga shunday ezgu va muhim tashabbus hamda qishloq maktablariga qaratilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildiraman!” – dedi Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 58-sonli maktab direktori Zokirjon Shakarov.

Aynan shu yerda loyiha topshirilgan kitoblar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydigan ma’noga ega bo‘ldi. Chunki maktab insonga attestatdan ham ko‘proq narsani beradi. Bu yerda birinchi do‘stlar, ilk g‘alabalar va xatolar paydo bo‘ladi. Bu yerda ilk bor “Kim bo‘lmoqchisan?” degan savol beriladi. Ko‘pincha inson faqat oradan ko‘p yillar o‘tgach, keyingi hayotidagi ko‘p narsa aynan shu savoldan boshlanganini anglaydi.
Shu bois “Asia Trans Gas” maktab kutubxonalarini qo‘llab-quvvatlashni xodimlarning bevosita ishtiroki bilan bog‘lashga qaror qildi. Ya’ni kitoblarni shunchaki manzilga yuborish emas, balki sobiq bitiruvchilarga o‘z hayot yo‘li boshlangan maskanga qaytish imkonini berish maqsad qilindi.

“Ushbu tashabbus biz kutganimizdan ham chuqurroq ta’sirga ega bo‘ldi. Kundalik ishda biz loyihalar, rejalar, natijalar haqida o‘ylaymiz. Ammo bu yerda inson o‘z ildizlari va ayni darajaga yetishishiga yordam bergan odamlarni eslaydi. Ehtimol, maktabga minnatdorlik bildirishning eng yaxshi yo‘li – bugungi bolalarga bizda bir paytlar bo‘lganidan ham ko‘proq imkoniyatlar yaratib berishdir”, – dedi ushbu tashabbus doirasida Buxoro magistral gaz quvurlarini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Xao Chjendun bilan birga Kogon tumanidagi o‘zi tahsil olgan 19-sonli maktabga tashrif buyurgan Buxoro MGQBB boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Komilov.

“Asia Trans Gas” uchun mutolaa madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bir martalik aksiya emas. Avvalroq qo‘shma korxona mahalla kutubxonalariga adabiyotlar topshirish loyihalarini amalga oshirgan, bahorda esa kompaniya xodimlari Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Navro‘z” kutubxonasi uchun kitob to‘plashda ishtirok etgan. Yangi tashabbus bu ishni davom ettiradi, biroq unga juda shaxsiy bir o‘lchov – xodim bilan o‘z tahsil olgan maktabi o‘rtasidagi rishtani qo‘shadi.
Yuzta kitob ta’lim tizimini bir kunda o‘zgartira olmaydi. Ammo bir kitob bir bolaning qiziqishini uygo‘tishi, bur ensiklopediya savol tug‘dirishi, bir roman boshqa bir davrni ochib beradi, bir lug‘at yangi tilni o‘rganishga yordam beradi. Yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin xuddi shu partada o‘tirgan inson bilan birgina uchrashuv ba’zan o‘quvchiga kichik sinfdan katta professional dunyoga yo‘l haqiqatan ham borligini ko‘rsatadi.

Biz ko‘pincha kelajak maktabdan boshlanishini aytamiz. Balki shu bois ham ba’zan u yerga qaytish juda muhimdir. Yana o‘quvchi bo‘lish uchun emas. Balki: “Rahmat. Biz jamiyatda o‘z o‘rnimizni topdik. Endi yordam berish navbati bizniki”, – deb aytish uchun.