Qadimgi davrga oid qabr topildi
Parkent tumanida joylashgan “Kumushkon” mahallasi hududi yaqinida yo‘l qurilishi jarayonida qadimgi davrga oid qabr qoldiqlari aniqlandi. Birlamchi o‘rganishlar natijasida ushbu hududdan suyak bo‘laklari hamda kuchli zanglagan temir qilich topildi. Bu haqida Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.
Xususan, hosil bo‘lgan o‘ra aslida yerosti dafn xonasi (katakomba) ekanligi aniqlangan. Mutaxassislar tomonidan bu yerdan dafn buyumlari, temir qilich, bronza uzuk, sopol idish hamda bulla (muhr) topilgan. Mutaxassislarning taxminlaricha ushbu qabr eramizning I ming yilligiga to‘g‘ri keladi.


Arxeolog olimlarning aytishicha, bunday qabrlar o‘sha davrdagi ko‘chmanchi chorvador aholiga taalluqli. Topilmalar Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti laboratoriyasiga topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.