Qadim Buxoro bag‘rida “Men g‘olib” yugurish marafoni
Ko‘hna va boqiy Buxoroning tarixiy qiyofasi yana bir bor yoshlik shijoati, sport ruhi va ezgulik timsoliga aylandi. Yoshlar kuni munosabati bilan Buxoro shahrining qadimiy Eski shahar hududida tashkil etilgan “Men g‘olib” umumxalq yugurish harakati yurtimizning turli hududlaridan kelgan ishtirokchilarni bir maydonga jamladi. Minorlaru madrasalar bag‘rida o‘tgan mazkur sport bayrami shaharga yanada o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ayniqsa yoshlarni sportga jalb etish, jismoniy faollikni ommalashtirish hamda yurtdoshlarimiz o‘rtasida birdamlik va faol hayot tarzini qaror toptirishdan iborat bo‘ldi.
Marafon doirasida turli yo‘nalish va masofalar bo‘yicha qizg‘in bahslar tashkil etildi. Jumladan, “Silk Road – Bukhara” yugurishlari doirasida 3, 5 va 10 kilometr masofalarda yugurish musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, talabalar o‘rtasida “Talaba – yugur” marafoni, bolalar uchun “Kids run” musobaqalari, harbiy tuzilmalar vakillari o‘rtasida maxsus yo‘nalishlar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun “Inson uchun” ommaviy yugurish marafoni tashkil etildi.
Ayniqsa, Buxoroning tor ko‘chalari va asrlar silsilasini o‘zida mujassam etgan tarixiy obidalari orasida yugurgan ishtirokchilar ushbu musobaqa nafaqat sport tadbiri, balki haqiqiy ma’naviy-ma’rifiy bayramga aylanganini ta’kidladi. Qadim shahar muhitida yangragan quvonchli sadolar, ishtirokchilarning g‘ayrati va tomoshabinlarning olqishlari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
[gallery-29194]
Marafon yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi. Faol ishtirokchilarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Men g‘olib” umumxalq yugurish harakati nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlarni ezgu maqsadlar sari chorlovchi, ularni sog‘lom va faol hayot tarziga undauvchi muhim tashabbus sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Qadim Buxoro esa ana shunday ezgu va birlashtiruvchi tadbirlarga yana bir bor munosib mezbon bo‘la oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari