Putin qatnashadigan forum hududi nishonga olindi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida navbatdagi xalqaro iqtisodiy forum ish boshlagan kunning o‘zida shahar dronlar hujumiga uchradi. Ertalab osmonda tutun ko‘tarilgani kuzatildi, ayrim ob’ektlarda esa avariya-qutqaruv xizmatlari ish boshladi. Forumda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etishi kutilayotgan edi.
Ukraina tomoni hujum davomida Sankt-Peterburg neft terminali hamda Kronshtadtdagi harbiy ob’ektlar nishonga olinganini ma’lum qildi.
Kiyevning ta’kidlashicha, Tambov viloyatida qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bilan bog‘liq korxona ham zarbalar ostida qolgan. Hujumlar Ukraina chegarasidan qariyb 1100 kilometr uzoqlikda amalga oshirilgan. Bu haqda “Euronews” nashri yozdi.
Rossiya rasmiylari bir necha kishi jarohat olganini tasdiqladi. Ayni paytda halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan. Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Shu bilan bir vaqtda Donetsk viloyatining Rossiya nazoratidagi qismida yo‘lovchi avtobusiga dron zarbasi berilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lgan, yana o‘n bir kishi turli darajada jarohat olgan. Avtobus Moskvadan Qrim yarimoroliga qarab harakatlanayotgan bo‘lgan.
Bu voqealar Rossiyaning bir kun avval Ukraina bo‘ylab amalga oshirgan yirik raketa va dron hujumlaridan keyin sodir bo‘ldi. Kiyev va boshqa shaharlar nishonga olingan o‘sha hujumlarda kamida 23 kishi halok bo‘lgan, 138 nafar odam jarohatlangan edi.
Vladimir Zelenskiy Moskva yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. U G‘arb davlatlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirib, havo mudofaasi tizimlari va “Patriot” raketalari yetkazib berishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya bir kechada 70 dan ortiq raketa va 650 ta dron uchirgan. Havo hujumlarining katta qismi qaytarilgan bo‘lsa-da, ballistik raketalar hamon eng katta xavf bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA