Psixotrop dorilar chegarani “yorib kirolmadi”
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan xizmat iti yordamida psixotrop moddalarning mamlakatimiz hududiga olib kirilishining oldi olindi.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, psixotrop moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi taqiqlanadi. (O‘z iste’moli uchun shifokor retsepti bilan turli nomdagi 5 tagacha bo‘lgan har biri 2 o‘ramdan oshmagan hollar bundan mustasno).

Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan kirib kelgan “Lada largus” rusumli avtotransport vositasining saloni bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, salonning ichki tepa qismiga yashirib qo‘yilgan 10 qutida jami 500 dona “Baklosan” nomli psixotrop dori vositasi borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA