Prokuror yoshlar muammolarini tingladi
Guliston shahridagi “Yoshlar texnoparki”da “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Prokuror va startapchi yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov, soha mutasaddilari hamda innovatsion g‘oyalar va biznes tashabbuslarini amalga oshirayotgan yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida yoshlarning startap loyihalarini hayotga tatbiq etish jarayonida uchrayotgan muammolar, grant va investitsiya mablag‘larini jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, huquqiy va tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ochiq muloqotda qatnashgan 50 nafarga yaqin tashabbuskor yoshdan 10 nafari o‘z loyihalari bo‘yicha murojaat va takliflarini bildirdi.


Murojaatlarning uchtasi joyida ijobiy hal etildi. To‘rt nafar yoshga huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar mas’ullariga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatildi.

Shundan so‘ng viloyat prokurori texnoparkda yosh ixtirochilar va tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan qator startap loyihalari bilan tanishdi. Xususan, biznes-rejalar ishlab chiqish, investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish, mahalliy xomashyo asosida gigiyenik vositalar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarning istiqbollari muhokama qilinib, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Muloqot chog‘ida yoshlarga loyihalarni yanada takomillashtirish, bozor talablarini chuqur o‘rganish, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish hamda investorlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri