Prokuraturaga yo‘llanayotgan aholi murojaatlari qanday hal qilinmoqda?
436 nafar mas’ul shaxs intizomiy, 512 nafar mansabdor ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Prokuratura organlari tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi? Bosh prokuratura Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodiljon Mo‘minov shu savolga javob berdi:
– Joriy yilning to‘qqiz oyida prokuratura organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan muddatda, har tomonlama hamda xolisona ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalari orqali yo‘llangan murojaatlarning qonuniy hal etilishi diqqat markazida bo‘ldi.
Prokuratura organlariga kelib tushgan 300 mingga yaqin murojaatning 59,5 foizi bevosita tizimning o‘zida hal etildi. Shundan 50 mingdan ziyodi qanoatlantirildi, 126 mingdan ortig‘i bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Prezident Virtual hamda Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 142 ming 884 ta murojaatning 83,7 foizi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqildi. Ularning 25,3 foizi qanoatlantirilib, 70,7 foizi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Prokuratura xodimlari tomonidan 220 ming 240 nafar, shu jumladan, sayyor va ommaviy qabullarda 60 ming 371 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning muammolarini hal etish choralari ko‘rildi. Aholining 29 ming 94 nafari bevosita Bosh prokuratura xodimlari tomonidan qabul qilingan. Shaxsan Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari 182 nafar jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilib, murojaatlarining qonuniy hal etilishini ta’minladi.
Yanvar-sentabr oylarida iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan 5 mingdan ziyod mahallada sayyor qabullar o‘tkazildi. Fuqarolar va tadbirkorlardan turli masalalarda kelib tushgan 28 ming 156 ta murojaatning 13 ming 548 tasi joyida ijobiy hal etildi.
Murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, eng katta ko‘rsatkich IIV tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov masalalari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar hamda sud va boshqa organ hujjatlari ijrosida qonunlarga rioya etilishi bilan bog‘liq ekani aniqlandi.
Hisobot davrida 3 ming 636 ta takroriy murojaat ro‘yxatga olindi. Ularning aksariyati sud hujjatlari ijrosi (shu jumladan, aliment undirish), IIV tizimidagi tergov va surishtiruv harakatlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga doir.
Hududlar kesimida Toshkent shahrida tergov, sud qarorlari, MIB faoliyati va ekologiya; Toshkent viloyatida yer, uy-joy va davlat boshqaruvi; Farg‘ona viloyatida fuqarolik sudlari qarorlari va mehnat huquqlariga oid murojaatlar ko‘paygan. Surxondaryoda ma’muriy sud ishlari va mehnat munosabatlari, Xorazmda esa ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga doir shikoyatlar soni oshgan.
Prokuratura organlari tomonidan vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarda murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 1 ming 508 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, 55 ming 898 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.
Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 116 ta taqdimnoma kiritildi va 434 ta protest keltirildi. Shuningdek, 321 nafar shaxs javobgarlikka tortilib, 222 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirildi. Sudlarga 25,6 milliard so‘mlik zararni undirish bo‘yicha 177 ta da’vo arizasi kiritildi va 7,9 milliard so‘m zararning ixtiyoriy qoplanishi ta’minlandi.
Prezident raisligida 2026-yil 13-martda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida Qarshi shahrida aholi murojaatlari bilan ishlashning namunaviy tizimini yaratish bo‘yicha «Harakatlar rejasi» ishlab chiqildi. Respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 14 ta shahar va tumanda aholi murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni manzilli hal etish choralari ko‘rildi.
Mazkur yo‘nalishdagi o‘rganishlar davomida 1 ming 380 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, tashkilot va idoralarga 421 ta taqdimnoma kiritildi.
Qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 436 nafar mas’ul xodim intizomiy, 512 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 163 nafari tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari.
Norgul Abduraimova,
O‘zA