Profilaktik tadbirlar tashkil etildi
Qurilish sohasida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishi inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishning muhim omili hisoblanadi. Ayniqsa, qurilish ishlari jadal kechayotgan hududlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishdagi xavf-xatarlarni barvaqt bartaraf etish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining shaharsozlik sohasida profilaktika bo‘limi xodimlari tomonidan Jizzax shahridagi qurilish ob’ektlarida ana shunday profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Ularning asosiy maqsadi qurilish maydonlarida xavfsiz mehnat muhitini shakllantirish, yong‘inlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va qonunchilikda belgilangan talablarga so‘zsiz amal qilinishiga erishishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirlar davomida qurilish tashkilotlarining rahbar va mas’ul mutaxassislari, shuningdek, ishchi-xizmatchilar bilan amaliy muloqotlar o‘tkazildi. Ularda amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNQ), yong‘in xavfsizligi talablari, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish tartibi, evakuatsiya yo‘llarini doimo ochiq saqlash, qurilish maydonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish algoritmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, qurilish ob’ektlarida xavfsizlik talablarining amaldagi holati ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va amaliy tavsiyalar berildi. Bu kabi profilaktik yondashuv favqulodda vaziyatlarning oldini olish, mehnat muhofazasi talablarini mustahkamlash va qurilish ishlarini xavfsiz tashkil etishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil huquqiy asosda amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimotida sohada profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, xavf-xatarlarni oldindan baholaydigan va tezkor chora ko‘radigan zamonaviy tizimni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha amaldagi yondashuvlarni yangilash, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mas’uliyatini kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
Jizzax shahrida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar ana shu vazifalarning joylardagi amaliy ijrosi bo‘lib, qurilish ob’ektlarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, yong‘in va boshqa favqulodda holatlarning oldini olish hamda inson hayoti va salomatligini ishonchli muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri