Professional serjantlar korpusini shakllantirish muhim
Sharqiy harbiy okrugida Serjantlar forumi o‘tkazildi.
Videokonferens-aloqa shaklida o‘tgan tadbirda qo‘shinlar oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarishda serjantlar tarkibining o‘rni va roli, bosh serjant va bosh serjant yordamchilarining faoliyati tahlil etildi. Shuningdek, milliy armiyamizda kechayotgan islohotlar jarayonida serjantlar tarkibiga qo‘yilgan talablar, bo‘linmalarga yuklatilgan o‘quv-jangovar vazifalarni samarali bajarishda ularning tashabbuskorligini kuchaytirish, harbiy intizom va sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlashdagi mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-20353]
Tadbirda so‘z olgan Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Oybek Saidov so‘nggi yillarda professional serjantlar korpusini shakllantirish borasidagi chora-tadbirlar va ularning ahamiyati, okrug qo‘shinlari oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlash kerakki, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tashabbusi bilan joriy yildan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida bosh serjant va bosh serjant yordamchilari lavozimlari tashkil etilib, ularga bo‘linmalar kundalik faoliyati, jangovar tayyorgarligini oshirish, oddiy askar va serjantlar tarkibining individual tayyorgarligi, kasbiy bilimlarini yuksaltirishda va harbiy intizomni mustahkamlashda komandirning asosiy ko‘makchisi bo‘lish vazifasi yuklatilgandi. Forum davomida soha vakillarining o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlari, istiqboldagi reja va takliflari eshitildi. O‘zaro savol-javob va ochiq muloqot tarzida kelgusidagi dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.
Forum yakunida bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon tantanali tarzda topshirildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA