Professional boks: Ruslan Abdullayev Kaliforniyada jang o‘tkazadi
O‘zbekistonlik professional bokschi Ruslan Abdullayevning navbatdagi jangi tafsilotlari e’lon qilindi.
Golden Boy promouterlik kompaniyasi xabariga ko‘ra, hamyurtimiz 21-iyun tongida AQSHning Kaliforniya shtati, Oshensayd shahridagi “Frontwave Arena” majmuasida tashkil etiladigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, Abdullayev professional boksda bugungacha 4 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.
Jahongir Zokirov “Zuffa 8” turnirida
Jizzax boks maktabi tarbiyalanuvchisi Jahongir Zokirov joriy yilning 28-iyun kuni AQSHning Las-Vegas shahridagi “The Chelsea at the Cosmopolitan” arenasida tashkil etiladigan “Zuffa 8” turnirida ringga chiqishi kutilmoqda.
Professional boksda hozircha bitta jang o‘tkazib, g‘alabaga erishgan Jahongir uchun ushbu bahs “Zuffa 8” turniridagi debyut jangi hisoblanadi.
Otabek Xolmatov WBC reytingida
Butunjahon boks kengashi (WBC) yarim yengil vazn toifasi uchun e’lon qilgan yangilangan reytingda hamyurtimiz Otabek Xolmatov nomi qayd etildi.
Ushbu vazn toifasida faoliyat olib borayotgan bokschimiz Otabek Xolmatov iyun oyi uchun yangilangan reytingda 16-o‘rinni band etdi. U bunga qadar to‘qqizinchi pog‘onani egallab kelayotgandi.
Yarim yengil vazn toifasidagi WBC yo‘nalishi chempioni amerikalik Bryus Karrington hisoblanadi.
Otabek professional boksdagi oxirgi jangini o‘tgan yilning noyabr oyida Qozog‘istonda filippinlik Jeyson Kanoyga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozongandi. U faoliyati davomida 14 ta jang o‘tkazib, 13 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyatga erishgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA