Prodyuser: Tomoshabin kinoteatrga qaytadi, lekin...
Zamon yangilanishlari insoniyatni nimadandir qisman voz kechishga undaydi. Odamlar hamma vaqt ham ishning o‘ziga qulayini tanlashga o‘rgangan. Fizikaning oltin qoidasi singari ham vaqtdan, ham masofadan yutgisi keladi.
Bugun yuzlab filmlar yaratilayotgan bir vaqtda kinoteatrlarda tushayotgan tomoshabinlar soni havas qilarli darajada emas. Taniqli prodyuser Zafar Yo‘ldoshev bu to‘g‘risida O‘zA muxbiriga quyidagi fikrlarini bayon etdi.
– Hozir odamlar kinoteatrga borib film tomosha qilishdan ko‘ra o‘zlarining smartfonlari yoki planshetlarida onlayn-kinoteatrlardan ko‘rib qo‘ya qolishadi. Lekin kitobni elektron shaklda o‘qigandan ko‘ra qo‘lda varaqlab o‘qishning gashti boshqacha bo‘lgani kabi, filmni ham kinoteatrda ko‘rish boshqacha baribir.
Pandemiya barcha sohalar singari kinematografiya uchun ham qator noqulayliklar tug‘dirgani rost. Butun dunyoda kinoteatrlar ma’lum muddat yopib qo‘yildi, kino ishlash jarayonlari to‘xtatildi.
Kelgusida kinoteatrlarning taqdiri nima bo‘ladi, bu borada aniq bir fikr aytish qiyin. Lekin baribir onlayn platformalar ko‘proq xaridorgir bo‘lishi haqiqatga aylanib bormoqda.
Kinoteatrlarning hozirgi inqirozi bu vaqtinchalik holat, chunki vaqt o‘tib inson baribir jonli muhitga qaytgisi keladi. Madaniy hordiq chiqarish uchun ham kinoteatrlar qulay maskan. Ham dam olish mumkin, ham yaxshi bir filmni tomosha qilish mumkin. Lekin baribir avvalgiday bo‘lmaydi. Chunki taraqqiyot inson uchun ko‘proq qulaylik yaratmoqda. Inson tabiati esa eskilikdan ko‘ra yangilikka moyilroq.
O‘zimizda ham kinoteatrlarning ahvolini yaxshilash bilan birga kino tomosha qilish uchun ko‘proq onlayn kinoteatrlarni, kinoplatformalarni yaratish kerak. Biz esa nari borsa “You Tube” tarmog‘iga filmni joylashtira olamiz, xolos. Jahonda bunday yo‘l tutilmaydi. Bu kabi tendensiyalarda ham zamondan ancha orqadamiz, afsuski.
O‘zA muxbiri D.Mamatova yozib oldi