Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Navoiyda
O‘zbekiston “Adolat” SDPdan Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bugun navoiylik saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuv nomzod faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.

Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov so‘zga chiqib, Navoiy viloyatining mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Nomzod bu yilgi saylovoldi tashviqot tadbirlari partiyaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda “Hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak”, degan shiorga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazilayotgani va saylovoldi dasturi 10 yo‘nalishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yangilanayotgan mamlakatimiz siyosiy maydonida fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizda Vatanga muhabbat tuyg‘usini yuksaltirish, huquqiy madaniyatni oshirish va adolatli jamiyat va adolatparvar davlat qurishni o‘zining bosh maqsadi, deb biladi.

Nomzodning navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA