Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi
Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi
Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
– O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi! – dedi Prezidentimiz.
Bugun sun’iy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini o‘zgartirmoqda. Biroq hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan pedagoglarga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhiga davlat mukofotlari topshirildi. Mukofotlanganlar orasida ustozlar bilan birga ta’lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ham bor. Shuningdek, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish, uning ilk sohiblarini kelasi yilgi bayram arafasida taqdirlash taklif qilindi.
Prezident ta’limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘ini ekanini ta’kidladi. Keyingi o‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ayni paytda ta’limda binolardan ham muhimroq masala – o‘qitish mazmuni va sifati ekani qayd etildi.
– Biz bolalarimizni paxta dalasidan – maktab partasiga, o‘qituvchilarni – ta’lim jarayoniga qaytardik, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda 2018-yildan yangi avlod darsliklarini yaratish boshlangan edi. Xorijiy tajriba o‘rganilib, 8-sinfgacha bo‘lgan darsliklar yangilandi. Birgina joriy yilda 400 nafardan ziyod mutaxassis ishtirokida 324 ta darslik qayta ishlandi. Ular bolalarda milliy qadriyatlar, tabiatga mas’uliyatli munosabat, raqamli va moliyaviy savodxonlik bilan birga mustaqil hamda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. 2030-yilga qadar yuqori sinflar uchun darsliklarni yangilash ishlari ham yakunlanadi.
Islohotlar natijasi o‘quvchilarning yutuqlarida namoyon bo‘lmoqda. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egalladi. Shu yilning o‘zida yoshlar nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalga sazovor bo‘ldi. Maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetdi.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash ham o‘z samarasini bermoqda. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi. Bugun 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. «Yil o‘qituvchisi» tanlovi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalarini ham qamrab olishi taklif etildi.
Kelgusi vazifalarga to‘xtalar ekan, Prezident maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini ta’kidladi. Maktab direktorlariga bu borada qo‘shimcha vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi.
Iqtisodiyotning texnologik rivoji uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi muallimlarga mukofot beriladi, ming nafar pedagog xorijda stajirovka o‘taydi. Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifaga ega bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinflar uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar o‘rtasidagi tanlov g‘oliblari kompyuter, ularning ustozlari esa bosqichiga qarab pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ayrim sinflarda to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Ushbu loyiha o‘qituvchilari va maktabga tayyorlov guruhi pedagoglariga 100 foiz ustama belgilanadi.
Maktablar faoliyatini baholash uchun «sifat indeksi» joriy etiladi. Ta’lim natijalari va pedagoglar salohiyatiga qarab muassasalar toifalarga ajratiladi. Ilg‘or maktablar o‘z tajribasi orqali boshqalarning ham yuqori toifaga o‘tishiga ko‘maklashsa, ularning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi. O‘qituvchilar malakasini oshirishda esa majburiy bir oylik kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari beriladi. Pedagoglar o‘z natijasiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan o‘quvni mustaqil tanlaydi.
O‘quvchi o‘rinlariga talab ortib borayotgani munosabati bilan xususiy maktablarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham e’lon qilindi. O‘quv yuklamasi yuqori 52 ta tumanda ularni tashkil etish uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratiladi. Bo‘sh turgan davlat binolari xususiy maktablarga o‘n yilga bepul ijaraga beriladi, xalqaro akkreditatsiya xarajatining yarmi qoplanadi. Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi ikki barobar oshiriladi.
Alohida ehtiyojga ega bolalarning tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qishiga ham e’tibor kuchaytiriladi. Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobarga oshib, 3 ming 591 taga yetdi. Toshkentda ish boshlagan ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasi yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda joriy etiladi.
Maktabgacha ta’limda bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan maskanga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan, o‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur bo‘yicha 180 ming tarbiyachi va pedagog o‘qitilmoqda. Yil yakuniga qadar dastur 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga kiritiladi. Toshkentda YUNESKO shafeligidagi mintaqaviy markaz va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Davlat bog‘chalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uch yillik dastur asosida amalga oshiriladi.
Ishli onalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelasi yil 1-yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ayollarning badal puli byudjetdan qoplanadi. Tarbiyachilarga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoniyati kengaytiriladi. Kelasi o‘quv yilidan ular uchun pedagogika oliygohlarida o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi; bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham bundan foydalana oladi.
Kasbiy ta’limda so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga xalqaro dasturlar joriy etildi. Texnikumlarning 25 ming korxona bilan hamkorligi 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan bir vaqtda daromad topish imkonini berdi. Dual ta’limda kasb o‘rganayotganlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga 50 foiz ustama beriladi, har yili 500 nafar usta xorijda stajirovka o‘taydi.
Ilk bor o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlov har yili o‘tkaziladi, eng munosib ishtirokchilar 2028-yilda Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlanadi. Xususiy texnikumlar tashkil etish uchun soliq va yer bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan bunday muassasalar o‘quvchilarining yarmi davlat granti bilan qamrab olinadi, xalqaro dasturlarni olib kelish va laboratoriyalarni jihozlash qo‘llab-quvvatlanadi.
Oliy ta’lim haqida so‘z borar ekan, mamlakatimizda talabalar soni 1 million 600 mingga yetgani, yettita oliygoh 17 ta fan bo‘yicha xalqaro reytinglarga kirgani qayd etildi. Shu bilan birga, Prezident universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talabga to‘liq javob bermayotganini tanqid qildi. Muhandislik va tibbiyot oliygohlari zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha yangi o‘quv adabiyotlarini yaratish, ilg‘or xorijiy kitoblarni tarjima va moslashtirish ishlarini kuchaytirishi zarur.
Rektorlarning ta’lim sifati va natijasi uchun mas’uliyati oshiriladi. Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan shakllantiriladi. Kengashlar o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida qayta ko‘rib chiqadi, har yili kamida 50 ta darslik yaratadi. Bitiruv ishlari va ilmiy tadqiqotlar iqtisodiyot tarmoqlarining amaliy masalalariga qaratiladi.
Oliygohlarda xalqaro standartlarga asoslangan, dunyoda tan olinadigan milliy dasturlarni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Inxa va Arxitektura universitetlari tajribasi kelasi yildan yana 20 ta oliygohda joriy etiladi. Buning uchun ularning boshqaruv tizimi moslashtirilib, xalqaro dasturlar bilan ishlaydigan alohida tuzilmalar tashkil etiladi.
Uchrashuvda oliy ta’limda «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili asosida dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan qaror ham muhokama qilindi. Tizim kelasi yildan 75 ta, 2028-yildan barcha oliygohlarda yo‘lga qo‘yiladi. Korxonalar o‘z ehtiyojiga mos nomzodlarni o‘qitish uchun buyurtma beradi, ular suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi; ish va o‘qishda yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat granti asosida o‘qiydi.
Shuningdek, korxonadan talabaga biriktirilgan ustozlar rag‘batlantiriladi, zarur hollarda talabaning ijara xarajati qoplanadi. Dual ta’limni namunali tashkil etgan oliygohlar va hamkor korxonalarga mukofot beriladi. Oliygoh olgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglar jamoasiga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini mamlakatimizga jalb etish vazifasini ham belgiladi. Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya, jihoz, brend va kampus bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismi qoplanadi. Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.
Uchrashuv davomida pedagoglarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Yakunda Prezident ustozlarni yana bir bor kasb bayrami bilan tabriklab, ularga shogirdlari yutug‘i, ota-onalar duosi va el-yurt hurmati hamisha hamroh bo‘lishini tiladi.
– Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlash deganidir, – dedi davlatimiz rahbari.