Prezidentimiz Anqarada vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdi
Amaliy tashrif bilan Anqara shahriga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni Turkiyadagi vatandoshlarimiz samimiy kutib oldi.
Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularning hayoti, o‘qishi va kelajak rejalari bilan qiziqdi.

– Yana bir bor vatandoshlarimni ko‘rib turganimdan xursandman. Qayerda bo‘lmanglar, bir daqiqa ham vaqtingizni behuda o‘tkazmanglar. Doimo ilmga, bilim olishga, o‘rganishga intilinglar. Bu jonajon Vatanimiz, buyuk O‘zbekistonimiz kelajagiga qo‘shadigan hissangiz bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Muloqotda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor mamlakatimizning uzoq istiqboli bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy merosi va qadriyatlari tiklanayotganiga to‘xtalib, vatandoshlarimiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ko‘makdosh bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– Men vatandoshlarimizni doimo sog‘inib, eslab yuraman. Sizlarning yaxshi yashashingiz, Vatanga qaytib, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olishingiz uchun O‘zbekistonda barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Ilm olish, bilim egallash, uy-joyli bo‘lish uchun imkoniyatlarni kengaytiryapmiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev va vatandoshlarimizga muvaffaqiyatlar tiladi.